Mamlakatimizni rivojlantirish – pirovard maqsadimiz

Mamlakatimizni rivojlantirish – pirovard maqsadimiz

Aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlaridagi mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 710-son qarori hamda Nizomi qabul qilindi.

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

Aholini ro‘yxatga olish jarayoni qay tarzda tashkil etiladi?

Mazkur qarorda ro‘yxatga olish 2023 yil 1 – 25 noyabr kunlari o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish boshlanishining aniq payti 2023 yil 1 noyabr soat 00.00 etib belgilanadi va uning davomiyligi — 25 kun etib belgilangan.

2023 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda respondentlar so‘rovi 1 – 5 noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish (5 kun), 6 – 10 noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxatini shakllantirish (5 kun), 11 – 22 noyabr kunlari — aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari asosida uyma-uy yurib aholini ro‘yxatga olish tashkil etiladi.

23 – 25 noyabr kunlari — har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizini tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o‘rganiladi.

Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan turar joy va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida yashash joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar mazkur uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi, yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish tuman, shahar hokimliklar tomonidan ajratilgan bino yoki xonalarda joylashgan statsionar uchastkalarda amalga oshiriladi, respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi, gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi, shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshiriladi, aholining ayrim toifalari bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini to‘ldirish “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi Axborot xizmati

Post Comment