Bu yerda aniqlanmagan cheklov Rossiyada bo‘y ko‘rsatdi
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lib, Kodeksning 104-moddasida shartli bitimlar bo‘yicha normalar ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur moddaning ikkinchi qismida, agar taraflar huquq va burchlarning bekor bo‘lishini yuz berishi yoki bermasligi noma’lum holatga bog‘liq qilib qo‘ysalar, bunday bitim bekor bo‘lish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi, degan norma mavjud. Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro A.I. Toshloq tumanidagi aviakassadan chipta xarid qilishi jarayonida chipta sotuvchisi va iste’molchi o‘rtasida og‘zaki shaklda shunday bitim tuzilgan.
Chipta sotuvchisi tomonidan fuqaroning Rossiya Federatsiyasiga kirishiga cheklov mavjud yoki mavjud emasligi tekshirilib, fuqaroda cheklov yo‘qligi aniqlangach, iste’molchi A.I.ga Qirg‘iziston Respublikasining Osh shahri orqali Rossiyaga uchish taklif qilingan. Bitimga ko‘ra, iste’molchi aviachiptani sotib olib, Rossiya Federatsiyasiga uchishi, agar u yerga yetib borgach, unda mazkur mamlakat hududiga kirishni cheklovchi qandaydir cheklov mavjud bo‘lsa va u ortiga qaytadigan bo‘lsa, sotuvchi chipta pulini unga qaytarishiga shartlashilgan.
Baxtga qarshi, A.I.da Rossiyaga kirishni cheklovchi holatlar mavjud bo‘lib chiqib, u ortiga qaytishga majbur bo‘ladi. Yurtga qaytgach esa, tuzilgan bitimni orqa qilib chipta sotuvchisidan o‘z haqqini talab qilishni boshlaydi. Natijada masala ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat qilishgacha borib yetadi.
Masala esa ichki ishlar idorasi tomonidan tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yo‘naltiriladi.
Tuman jamiyati mutaxassislari aviakassa mas’ullari bilan uchrashib, amaldagi qonunchilik talablari, unga ko‘ra iste’molchi huquqi, sotuvchi majburiyatlari bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishi natijasida, chipta uchun to‘langan pulni iste’molchi A.I.ga qaytarilishiga erishildi.
Shu o‘rinda sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarga murojaat qilib, kundalik faoliyatingiz davomida tovarlar sotish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarida iste’molchilar bilan yozma va og‘zaki shaklda bitimlar tuzishda, ya’ni sodda qilib aytganda o‘z tovaringizni o‘tkazishda ushbu tovarni (xizmatni) qanday qilib bo‘lsada sotib yuborishni ko‘zlar ekansiz, amaldagi qonun va qoidalar oldi-sotdi amalga oshirilgandan (xizmatlar ko‘rsatilgandan) keyin ham zimmangizga muayyan majburiyatlarni yuklashini unutmaslikni so‘rab qolamiz. Fuqarolarimizning huquqiy bilimlari kundan-kunga o‘sib borayotganligini esa eslatib o‘tirishning ham hojati bo‘lmasa kerak.
Orifjon Jalolov
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi
Post Comment