Kafolat muddati o‘tgandan so‘ng servis xizmati ko‘rsatilmaydimi?

Kafolat muddati o‘tgandan so‘ng servis xizmati ko‘rsatilmaydimi?

O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari shu tumanda yashovchi G.Abduraxmonovaning kafolat muddati o‘tgan kir yuvish mashinasiga servis xizmati ko‘rsatilmayotganligidan norozi bo‘lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u «Artel» markali kir yuvish mashinasini 3 yillik kafolat muddati bilan sotib olgan. Maishiy buyumning kafolat muddati o‘tgandan so‘ng ma’lum vaqt ishlaganidan so‘ng unda nosozliklar kuzatilgan. U bu haqda servis markazi xodimlariga murojaat qilgan. Lekin ular tomonidan xonadonga kelib nosozlikni bartaraf etib berish ishlari cho‘zib yuborilgan. Shundan so‘ng u Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, iste’molchi kafolat muddati tugaganidan keyin ham tovarning nuqsonlarini bartaraf etish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchiga talab qo‘yishga haqli. Ushbu talab tovarning xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan bo‘lsa, o‘n yil mobaynida qo‘yilishi mumkin. Qonunning 17-moddasiga ko‘ra esa, hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni ta’mirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va iste’molchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Tuman jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish davomida servis markazi bilan bog‘lanib, holat hamda amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berdilar. Natijada markaz ustalari xonadonga tashrif buyurib, kir yuvish mashinasining nosozlikni yuzaga keltirgan qismini almashtirib, nuqson bartaraf etib berildi.

Dilshodjon Rassayev
O‘zbekiston tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment