Iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklab berilmoqda

Iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklab berilmoqda

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tizimida 19 ta tuman va shahar jamiyatlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Tizim tashkilotlari tomonidan o‘tgan yilda 840 ta murojaatlar ko‘rib chiqilib, 1 mlrd so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishildi. Bu ishlar joriy yilda ham tizimli asosda davom ettirib borilmoqda.

Federatsiya tizimi tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili ularning ichida savdo masalalaridagi murojaatlarning salmog‘i yuqoriligini ko‘rsatadi. Farg‘ona viloyatida ham bu boradagi murojaatlarning salmog‘i yuqori. Ayrim misollarga to‘xtalib o‘taylik.

Rishton tumani To‘da mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi X.To‘xtasinova xarid qilgan gaz plitasi nuqsonli chiqqach, bu borada sotuvchiga bir necha bor murojaat qilgan. Lekin masala yechim topmagan. Rishton tuman jamiyati mutaxassislari sotuvchiga amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasidagi iste’molchining asosiy huquqlari bo‘yicha tushuntirish berganlaridan so‘ng, mazkur qonun 14-moddasidagi tartib asosida nuqsonli gaz plita boshqa markadagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi.

Shu tumandagi Miskin mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh.No‘monova ham xarid qilingan tovardagi nuqsonni bartaraf etish bilan bog‘liq masalada bir qator muammolarga duch kelgan. Uning Qo‘qon shaxridagi savdo do‘konidan 3 mln 900 ming so‘mga sotib olingan “ZIFFLER” markali kir yuvish mashinasi servis markaziga olib ketilib, nuqsonni bartaraf etish ishlari paysalga solib kelingan. Vaholanki, amaldagi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, servis markazi kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonni 10 kun ichida bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim edi. Tuman jamiyati mutaxassislari servis markazi mas’ullari bilan bog‘lanib, qonunda belgilangan muddatlardan 2 kun o‘tib ketganligi, bu esa o‘tkazib yuborilgan kunlar uchun neustoyka (penya) to‘lash majburiyatini keltirib chiqarishi mumkinligi tushuntirilgach, kir yuvish mashinasi tez muddatlarda ta’mirlanib, iste’molchining yashash manziliga yetkazib berilgan.

Beshariq tumani Zarqaynar qishlog‘ida yashovchi T.Matmusaev esa 6 mln 50 ming so‘mga xarid qilgan kondisioneridan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmagan. Xonadonga keltirib o‘rnatilgan «Avalon» rusumli mazkur kondisioner qishning sovuq kunlarida xonaga issiq havo haydash o‘rniga bir maromda sovuq havo haydayvergan. Uning sotuvchi va servis markaziga murojaatlari esa ijobiy natija bermagan. Faqatgina Beshariq tuman jamiyati xodimlarining aralashuvi hamda amaldagi qonunning 7-moddasi talablariga ko‘ra, iste’molchiga noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi natijasida zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishi, iste’molchi tomonidan shartnomani bekor qilinishi va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqliligi bo‘yicha bergan tushuntirishlari tovar sotuvchiga qaytarilib, pul mablag‘ini esa to‘lig‘icha iste’molchiga qaytarilishiga olib kelgan.

O‘zbekiston tumanida esa G.Abduraxmonovaning kafolat muddati o‘tgan kir yuvish mashinasiga servis xizmati ko‘rsatilmasdan kelgan. Vaholanki, amaldagi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, iste’molchi kafolat muddati tugaganidan keyin ham tovarning nuqsonlarini bartaraf etish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchiga talab qo‘yishga haqli. Ushbu talab tovarning xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan bo‘lsa, o‘n yil mobaynida qo‘yilishi mumkin. Tuman jamiyati xodimlari mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida servis markazi mas’ullariga bergan tushuntirishlar kor qilib, markaz ustalari iste’molchi xonadoniga tashrif buyurib, kir yuvish mashinasining nosozlikni yuzaga keltirgan qismini almashtirib, nuqsonni to‘liq bartaraf etib berganlar.

Shu o‘rinda aholi vakillarimizga iste’molchi sifatida huquqlari buzilsa yoki shunday deb hisoblasalar Federatsiyaning respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga, telegram messenjeridagi PotrebitelUz_bot telegram botiga, istemol.uz rasmiy saytidagi vertual qabulxonaga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Hududiy birlashmasi Axborot xizmati

Post Comment