15 mart – Butunjahon iste’molchi huquqlari kuni
Kun tarixi
Ushbu kunni Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni (ingl. World Consumer Rights Day) sifatida e’tirof etilishi tarixi Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jon Kennedining AQSh Kongressida nutq so‘zlagan sanasi (15.03.1061 yil)ga mos keladi. Unda ilk marotaba “iste’molchi” tushunchasiga yuqori darajada e’tibor qaratilib, J.Kennedi iste’molchilarning 4 ta huquqlari bo‘yicha asosiy tamoyillarni taklif qilgandi. Bular iste’molchilarning: axborot olish huquqi; xavfsizlik huquqi; tanlash huquqi va eshitilgan bo‘lish huquqlari edi.
Keyinchalik iste’molchilarning ushbu huquqlari Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) tomonidan yana 4 ta huquqlar, ya’ni zararlarni qoplatish huquqi, sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquq, iste’molchilik ta’limini olish huquqi, asosiy ehtiyojlarni qondirish huquqi bilan to‘ldirilib, tashkilotning bu boradagi asosiy tamoyillari sifatida qabul qilingan.
15 mart BMT tomonidan 1983 yilda Butujahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni sifatida e’tirof etildi va shu yildan boshlab har yili butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanib kelmoqda.
O‘zbekistonda iste’molchilik ijtimoiy harakati vujudga kelishi
O‘zbekiston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakati 1996 yil 26 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4 va 30-moddalariga muvofiq vujudga keldi. 1997 yilda aholining sifatsiz mahsulot va xizmatlardan himoya qilishga o‘z ulushini qo‘shish va o‘z imkoniyatlarini birlashtirishga qaror qilgan bir qator hamfikrlar tashabbusi bilan poytaxtimizning Shayxontohur tumanida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakati – O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati shaklida tashkil topdi. Jamiyat 1999 yili Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu vaqtda respublikamizning 7 ta viloyatida hududiy jamiyatlar tashkil topgan edi.
2000 yil O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining navbatdan tashqari II s’ezdida jamiyatga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi nomi berildi. Bu vaqtda 9 ta viloyat va Toshkent shahrida jamiyatlar tashkil etilgan edi.
Faol iste’molchilarning sa’y-harakatlari tufayli ushbu jamoat tashkilotiga davlat tarafidan alohida e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002 yil 28 noyabrda «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 414-qarorining qabul qilinishi mazkur ijtimoiy harakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi ma’qullandi. 2003 yil 17 yanvardagi federatsiyaning III ta’sis konferensiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Federatsiyasi, Toshkent shahri hamda respublikaning 12 viloyatidagi hududiy birlashmalarni birlashtirdi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment