Hududiy birlashma ishchi guruhi viloyatning ikkita tumanida o`rganishlar o`tkazdi

Hududiy birlashma ishchi guruhi viloyatning ikkita tumanida o`rganishlar o`tkazdi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash, aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, xususan, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o‘tib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarilishi va realizasiya qilinishi holatlariga chek qo‘yishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, yagona ishchi guruh tuzish yo‘li bilan, may oyi davomida Farg`ona viloyatining Toshloq va Bag‘dod tumanlarida joylashgan bozorlar, savdo va umumiy ovqatlanish shohobchalarida jamoatchilik nazorati tartibida monitoring (kuzatuv-o‘rganish)lar o‘tkazildi.

Ishchi guruhi, tanlama asosda, Toshloq tumani hududida 37 ta savdo do‘konlarida, Bag`dod tumani hududida esa 17 ta savdo do‘konlarida o`rganishlar o`tkazdi. O‘rganishlarda mazkur 2 hududdagi savdo do`konlarida amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi oltinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilishi holatlari qayd etildi. Xususan, Toshloq tumanida 89 ta holatda, Bagdod tumanida esa 68 ta holatda aholiga realizatsiya qilinayotgan, umumiy qiymati 12 330 000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotining, aksariyat hollarda, yaroqlilik (saqlash) muddatlari ko‘rsatilgan bo‘lsada, ularni ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan holda sotish uchun qabul qilib olinib, aholiga relizatsiya qilinayotganligi, 25 ta holatda esa savdoda, umumiy qiymati 1 491 500 so`mlik yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tib ketgan mahsulotlarning mavjudligi kuzatildi. Qayd etilgan holatlar bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasining «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun 17-moddasi tartibida ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish (uni qayta ishlash) yoki uni yo‘q qilib tashlanishi bo`yicha ishlarni to‘g‘ri tashkillanishini nazoratga olinishini so‘rab Saneppidqo‘mitaning tegishli tuman bo‘limlariga xatlar kiritildi. Bitta holatda aholiga savdo xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektining o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatganligi bo‘yicha soliq idorasiga xat kiritgan bo‘lsada, faoliyat olib borayotganligi kuzatilib, ushbu holatga aniqlik kiritish, tadbirkorlik sub’ektiga tegishli zaruriy yordamlarni ko‘rsatgan holda, uni qonuniy asoslarda faoliyat ko‘rsatishini nazoratga olish masalasida tuman Soliq inspeksiyasiga xat kiritildi.
Tanlama asosda 11 ta umumiy ovqatlanish shohobchalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 2 ta oshxonada savdoni nazorat kassa mashinasi va terminalsiz, 1 ta oshxonda to‘lov terminalisiz amalga oshirilayotganligi, 5 ta oshxonada xodimlarning sog‘liklari doimiy nazoratga olinmaganligi va tibbiy daftarchalarining yo‘qligi yoki ularni o‘rganishga taqdim qilinmaganligi, 9 ta oshxonalarda umuman yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlari ko‘rilmaganligi, 2 tasida bu ishlaring to‘liq oxiriga yetkazilmaganligi holatlari yuzasidan tegishliligi bo`yicha tumandagi Soliq, Sanepidqo`mita va Favqulodda vaziyatlar idoralariga tegishli chora-tadbirlarni ko‘rilishini so‘rab xatlar kiritildi.
Dehqon bozorlari qoshidagi Veterinariya-sanitariya ekspertiza (VSE) laboratoriyalari faoliyatlari bilan tanishish jarayonida bozorlar hududida go‘sht, meva va sabzavotlar, dukkakli va boshqa mahsulotlar bilan savdo faoliyatini amalga oshirayotgan ayrim sotuvchilardan tanlama asosda sotayotgan mahsulotlari uchun bo‘lishi shart bo‘lgan VSE laboratoriyasining xulosasi mavjudligi so‘rab ko‘rish yo`li bilan kuzatuvdan o`tkazilganda, 130 dan ortiq turdagi mahsulotlarni aholiga realizasiya qilayotgan 50 nafar sotuvchilarning 30 tasida bo‘lishi shart bo‘lgan VSE laboratoriyasining xulosalari umuman yo‘qligi, 2 tasida esa sotilayotgan mahsulotlarining ayrimlarigagina majudligi kuzatildi. Ushbu holatlar bo‘yicha VSE laboratoriyasi faoliyatini qat’iy nazoratga olish, uning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun amaliy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ko‘rish va kuzatuvda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etilishini so‘rab Dehqon bozorlari ma’muriyatlariga hamda tegishli Veterinariya bo‘limlariga xatlar kiritildi.
Shuningdek, Bag`dod tuman Dehqon bozori faqatgina haftaning payshanba va yakshanba kunlari faoliyat olib borishi, ushbu kunlarda bozor hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shohobchalarida so‘ralgan hujjatlarni turli bahonalar bilan taqdim qilmaslik, antisanitariya holatlariga yo‘l qo‘yilishi, issiq ob-havo sharoitlarida tayyorlanib sotilishi cheklanadigan (qiyma kabob) mahsulotlar bilan savdo qilinishi holatlari ham kuzatildi. Ushbu holat yanada to‘liqroq o‘rganib chiqilishini va kamchiliklarni to‘laqonli bartaraf etilishi chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida, Dehqon bozori ma’muriyati zimmasiga Sanepidqo‘mitaning Bag‘dod tuman bo‘limiga umumiy ovqatlanish yo‘nalishi bo‘yicha davlat nazorati tadbirlarini o‘tkazilishi bo‘yicha (ushbu jarayonda Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati jamoatchilik nazorati sub’ekti sifatida jalb qilinishini ham hisobga olinib) so‘rov xati kiritish orqali qaytadan o‘rganuv ishlarini tashkillash majburiyatini yuklab aloqa xat kiritildi.
O‘rganish ishlari doirasida korxona, tashkilot, idora mas’ullariga, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mas’ullari va sotuvchilariga Federatsiyaning yuqoridagi buyrug‘i mazmun-mohiyati tushuntirilib, amaldagi qonunchilik talablarining keng targ‘iboti ham olib borildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Post Comment