Berishga qaytimi, tanga pul bersang olgisi yo‘q sotuvchilarni tartibga chaqirish vaqti kelmadimi?
Bugungi kunda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan joylarda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikni keng targ‘ib qilish, ularning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, ularning yozma, og‘zaki va elekron shakldagi murojaatlari (ariza, shikoyat va takliflari) bilan ishlash yo‘nalishida tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda.
Fuqarolarimizdan kelayotgan murojaatlar ichida kundalik hayotimizning turli masalalariga daxldor bo‘lgan muammo va kamchiliklar qatorida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida iste’molchilarga qaytim uchun mayda pullarni bermaslik, qaytim o‘rniga arzon baholi turli tovarlarni (gugurt, qurut, saqich, konfeta va h.k.) tiqishtirish, keyingi vaqtlarda esa, hattoki, milliy valyutamizning mayda pullari hisoblangan 100, 200, 500, 1000 so‘mlik tanga pullarni to‘lovga qabul qilmaslik holatlari ham uchrab qolmoqdaki, bu kabi holatlar shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning amaldagi qonunlarga hurmat bilan yondoshmayotganligi, o‘z huquqlarini yaxshi anglab olgani holda, majburiyatlarini unutib qo‘yayotganliklaridan o‘zga narsa emas, deb o‘ylaymiz.
Iste’molchilarga qaytim o‘rniga arzon baholi turli tovarlarni berish (tiqishtirish) holatlarining avj olishi kelgusida yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi, kerak bo‘lsa ayrim tovarlar (bu o‘rinda qaytim uchun mayda pul rolini o‘z zimmasiga olgan tovarlar) narxlarining asossiz oshib ketishiga ham sabab bo‘lishi haqida ilgarigi chiqishlarimizda to‘xtalgandik. Milliy pul birligimizning tangalarini turli vaj-karsonlar bilan to‘lovga qabul qilmaslik masalasi esa yanayam jiddiyroq masala deb hisoblaymiz.
Garchi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda, xususan qonunning 21-moddasida, iste’molchiga qaytim o‘rniga boshqa tovarni tiqishtirish (haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash) qonunbuzilishi hisoblanishi to‘g‘risida norma mavjud bo‘lsada, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida to‘lovni milliy valyutada amalga oshirilishi va unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozimligi, uni har qanday sharoitda to‘lovga qabul qilishning majburiyligi to‘g‘risidagi normalar mavjud emas. Shundan kelib chiqqan holda, tizim tashkilotlarimiz tomonidan qonunga ushbu holatlarni tartibga soluvchi normalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflar berib kelinayotgan bo‘lsada, hozircha bu borada ijobiy natijalarga erisha olganimiz yo‘q.
Holbuki, qonun 6-moddasining «Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart» deb boshlanadigan ikkinchi qismi uchinchi xatboshisidagi «narxi (tarifi) va sotib olish shartlari» degan jumlalarga «so‘mdagi» so‘zini qo‘shilishi va ushbu satr «so‘mdagi narxi (tarifi) va sotib olish shartlari» tarzida berilishi, mamlakatimizdagi iste’molchilarga savdo va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda milliy valyutamizning o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib bergan hamda unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shart qilib qo‘yadigan normalardan biri bo‘lgan bo‘lar edi. Birgina misol, Rossiyaning shu nomdagi qonuni shu kabi normalarini belgib bergan moddasida «narxi (tarifi)» degan jumlalardan oldin «rubldagi» jumlasi ishlatilgan va u to‘lig‘icha «rubldagi narxi (tarifi)…» deb boshlanadiki, bu bilan butun mamlakat hududida Rossiyaning milliy pul birligi majburiy tartibda muomalada bo‘lishi shartligiga urg‘u beriladi.
Shu o‘rinda, qonunning 10-moddasi (Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi)ga milliy valyutamiz borasidagi qancha norma kerak bo‘lsa, shuncha norma kiritish imkoniyati mavjudligini ham aytib o‘tish joizdir.
Aholining bu boradagi haqli e’tirozlarini kamaytirish, bu kabi holatlarni sodir etilishi ortidan kelib chiqayotgan qonun va qoidalarni buzilishlarini oldini olish, xalqimizning milliy valyutamizga bo‘lgan hurmati va e’tiborini orttirish maqsadida, amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilguniga qadar, boshqa qonunchilik hujjatlariga quyidagi normalarni kiritish bugungi kun talablariga mos tushar edi.
Birinchi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari» va «O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari»ning tegishli o‘rinlariga «milliy valyutamizning to‘lovga yaroqli bo‘lgan har qanday nominaldagi va ko‘rinishdagi (qog‘oz, tanga) banknotalari va tangalarini to‘lovga qabul qilish shartligi» to‘g‘risidagi normalarni, shuningdek, mazkur ikki qoidalarning «Savdo qoidalarini buzilishi turlari» bo‘limlariga savdo qoidasini buzilishi sifatida «milliy valyutadagi, to‘lovga yaroqli har qanday nominaldagi va ko‘rinishdagi (qog‘oz, tanga) banknotalarni va tangalarni to‘lovga qabul qilishni rad qilish» jumlasini kiritish.
Ikkinchi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga milliy to‘lov tizimlarini ifodalovchi, «to‘lovga yaroqli bo‘lgan har qanday nominaldagi va ko‘rinishdagi (qog‘oz, tanga) banknotalarni va tangalarni to‘lovga qabul qilish shartligi, ularni qabul qilishdan bosh tortish yoki rad qilish» holatlariga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi bo‘yicha alohida modda yoki ushbu holatga taalluqli bo‘lgan hamda mavjud moddaga qo‘shimcha kiritish yohud prim modda kiritish.
So‘ngso‘z o‘rnida
Bu holatni kelib chiqishiga balki banklarda mayda pullarni yetarli emasligi sabab bo‘layotgandir, degan mazmundagi shubhamizga, ushbu muassasalarning mas’ullaridan omborlarda yetarli hajmda va nominallarda mayda pullar (tangalar) mavjudligi, faqatgina ularni savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mas’ullari tomonidan oldi-sotdi amaliyotlarida foydalanish uchun talab qilib olinmayotganligi xususida javoblar olyapmiz. Shunday ekan, ushbu holatda, faqatgina bitta chora, aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblar olib boruvchi sub’ektlar hamda ularning mas’ullariga nisbatan yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganda moliyaviy ta’sir choralarini qo‘llashgina qolayotgandek. Huquqbuzarning hamyoniga keladigan zarar esa, uni bunday harakatni sodir etishdan avval, albatta, tanasiga yana bir marta o‘ylab ko‘rishga undaydi.
G‘ayrat Mamatkulov
Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi sektor boshlig‘i
Post Comment