Skuterdagi nuqson sotuvchi hisobidan bartaraf etildi
O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Oqtepa» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.Sh.ning kredit savdo do‘konidan xarid qilingan yangi skuterning bir oy o‘tmasdan buzilib qolganligidan norozi bo‘lib Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi «Together to our dreams» MChJ bilan tovar qiymatini bir yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida tuzilgan shartnomaga asosan, 10 091 120 so‘mga skuter xarid qilgan. Undan bir oy davomida foydalanishi jarayonida skuterning quvvatlagichi (akkumulyatori)da kuzatilgan nuqson tufayli undan foydalanishida muammolar kelib chiqqan. Shu yil iyun oyi boshlarida kredit savdo do‘koniga qilgan murojaati esa ijobiy yechim topmagan. Shundan keyin o‘zining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab vakolatli idora ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida xarid qilingan tovardagi nuqson fuqaroning xonadoniga borib ko‘rildi, murojaatda keltirilgan vajlarga aniqlik kiritib olindi. Shundan so‘ng sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Vaholanki, sotuvchi bu o‘rinda iste’molchining e’tirozlarini o‘rganib chiqishi, agar ular o‘rinli ekanligini tasdig‘ini topgan holatda, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasi tartibida, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida bepul bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi lozim edi. Lekin bunday hollarda ko‘pincha sotuvchilar amaldagi qonun talablarini bajarish o‘rniga, turli vaj-karsonlar bilan qonun talabini ijro qilmaslikka intilib, oqibatda qo‘shimcha muammolarga ham duch keladilar, asablarini, vaqtlarini yo‘qotadilar.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish ishlari davomida qonunchilikning amaldagi talablari ijrosi ta’minlanib, skuter quvvatlagichida aniqlangan nuqson sotuvchi hisobidan bartaraf etib berilishiga erishildi.
Dilshodjon Rassayev,
tuman jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment