Ko‘pqavatli uy yerto‘lasidan taralayotgan badbo‘y hidga sabab bo‘lgan holat bartaraf qilindi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Zuxro» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘pqavatli uylarning birida yashovchi fuqarolar tomonidan uyning yerto‘la qismidagi kanalizasiya quvurlari bilan bog‘liq muammo yuzasidan murojaat qildilar.
Murojaatchilar o‘zlari istiqomat qilayotgan ko‘pqavatli uyning yerto‘la qismidagi kanalizasiya (oqova) quvurlari nosoz holga kelib qolgani bois, u yerdan atrof muhitga yoqimsiz hid taralayotganligi, ushbu masalada o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasiga qilingan murojaatlaridan natija bo‘lmayotganligini ma’lum qiladilar.
Jamiyat mutaxassislari murojaatni o‘rganish davomida aytilgan manzilga tashrif buyurganlarida Zuhro ko‘chasida joylashgan mazkur ko‘pqavatli uyning yerto‘la qismidagi kanalizasiya quvurlari haqiqatdan ham eskirganligi, quvurdan yon tarafga suvlar sochilib chiqayotganligi kuzatildi. Shundan so‘ng, ushbu ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi «Mar Obod Servis» boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) mas’ullari bilan uchrashilib, murojaatda ko‘tarilgan muammo va uni hal qilish yo‘l-yo‘riqlari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Murojaatni o‘rganish davomida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasi bilan esa, BSK mas’ullari tomonidan ko‘pqavatli uyning yerto‘la qismidagi eski quvurlar yangi polietilen quvurlarga almashtirilishi va muammoni bartaraf etilishiga erishildi. O‘rganish ishlari yakunlaridan qoniqish hosil qilgan fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammo ijobiy hal qilingani uchun Federatsiya rahbariyati hamda shahar jamiyati xodimlariga yozma ravishda o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment