Qo‘llanilgan jarima qonun doirasida qayta hisob-kitob qilindi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Tog‘liq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi I.E.ning tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan qo‘llanilgan jarimaning qonuniy asosga egaligi masalasiga oydinlik kiritib berilishi yuzasidan murojaati o‘rganildi.
Fuqaro o‘z murojaatida hozirda yashab turgan xonadonga joriy yilning 11 may kunida ko‘chib kirganliklarini (bu holat MFY tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bilan tasdiqlangan), elektr ta’minotidan foydalanishni boshlash uchun tuman elektr ta’minoti korxonasiga kelganida u yerda ishlovchi bir xodim (hozirda Rossiyaga ishlagani ketgan) tomonidan xonadonga hisoblagich olib o‘rnatib, keyin kelishini aytilganligini, fuqaro ushbu maslahat asosida xonadoniga hisoblagich o‘rnattirib, yana kelganida esa u xodimni topmaganini, u maslahat olish uchun uchrashgan keyingi xodimlar esa, aslida Davlat xizmatlari markaziga borishi kerakligini tushuntirganliklarini, qo‘yingki shu yugur-yugurlar davomida xonadonga tashrif buyurgan tuman elektr ta’minoti mas’ul xodimlari tomonidan elektrdan noqonuniy foydalanish vaji bilan dalolatnoma rasmiylashtirib ketilganligini va ana shu dalolatnoma asosida unga 3,5 million so‘m jarima qo‘llanganligini bayon qiladi va masalaga oydinlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Murojaatni o‘rganish davomida tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan iste’molchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yil kungi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari»ning 117-118-bandlarini qo‘llab dalolatnoma rasmiylashtirilganligi va uning asosida 11913 kVt/s yoki 3 514 512 so‘m elektr energiyasi iste’moli qayta hisob-kitob qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Tuman jamiyati tomonidan o‘rganish davomida iste’molchining manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida to‘plangan hujjatlar «Farg‘ona HETK» AJga chiqarilib, ular asosida qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazilishi so‘raldi. Mazkur idoradan esa murojaatda ko‘tarilgan muammo bartaraf etilganligi, fuqaro murojaati ijobiy hal etilganligi to‘g‘risida rasmiy javob xati olindi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, iste’molchi hisob varag‘ida qayta hisob-kitob ishlari olib borilib, elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 134803 so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Shohistaxon Raximova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment