Iste’molchining qonuniy talabi ijrosi ta’minlandi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Toshloq tumani «Turvat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi I. U.dan murojaat kelib tushdi. Murojaatda fuqaro Marg‘ilon shahri «Ipakchi buyum bozori»dagi do‘konlardan biridan xarid qilingan qishki kiyim maqbul sifatda emasligi ma’lum bo‘lgach bu borada sotuvchiga qo‘yilgan qonuniy talablar bajarilmayotganligi ma’lum qilinib, muammoni bartaraf qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘raladi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u ayollar uchun pal’tosini 230 000 so‘mga xarid qiladi. Oldi-sotdi jarayonida sotuvchi tomonidan ma’qul kelmasa almashtirish yoki pulini qaytarilishi bo‘yicha va’dalar ham beriladi. Shu asnoda sotib olinib xonadonga keltirilgan qishki kiyimda esa nuqsonlari borligini payqagach, savdo do‘koniga qaytarib olib, uni almashtirish yoki pulini qaytarishni so‘ragan. Rad javobi olgach esa shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib kelgan.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, sotuvchi shartnoma tuzish yo‘li bilan iste’molchiga maqbul sifatdagi tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini oladi. Tuzilgan zahoti bajariladigan shartnomalar, qoida tariqasida, og‘zaki shaklda tuziladi. Odatda kundalik hayotimizda oldi-sotdi amaliyotlarini xuddi shu og‘zaki shartnomalar asosida amalga oshiramiz. O‘z-o‘zidan ayonki, iste’molchi tovarning narxi bilan birgalikda, sotuvchining ana shu og‘zaki shartnomalar bo‘yicha ahdlashishlar jarayonidagi shartlarga ham e’tibor qaratadi. Agar ushbu jarayonda sotuvchi tovarni erkin almashtirib berishi, yoqmasa pulini qaytarib berishlari, kafolat muddati masalasida va boshqa holatlar bo‘yicha boshqa sotuvchilarga qaraganda quyuqroq va’dalar bersa, bu iste’molchining tanlovida e’tibordan chetda qolib ketmaydi, albatta. Agar oldi-sotdi amalga oshsa, demak, bergan va’dalari ham sotuvchining zimmasiga majburiyat bo‘lib o‘tadi.
Murojaat asosida olib borilgan o‘rganish ishlarida bozordagi savdo do‘koni sotuvchisiga yuqoridagi holatlar, ularga qo‘shimcha ravishda, u iste’molchining qonuniy talablarini bajarmagani sababli, iste’molchida qonunning 16-moddasi tartibida shartnoma bekor qilinishi, o‘ziga yetkazilgan moddiy ziyon va ma’naviy zararni qoplanishini talab qilish huquqi ham vujudga kelishini tushuntirildi. Tushuntirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan sotuvchi iste’molchining 230 000 so‘m pulini qaytarib berdi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment