To‘rt million so‘mga xarid qilingan televizorda nuqson chiqdi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Samarqand» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.E.ning to‘rt million so‘mga xarid qilingan televizor bilan muammolar yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida bildirishicha, u tuman markazidagi «Ishonch savdo markazi»dan Rosso smart rusumli televizorni 4 083 625 so‘mga xarid qiladi. Lekin xonadonga keltirilgan televizordan foydalanishda muammoga duch keladi. Televizorni xonadonga o‘rnatib berayotgan usta tomonidan televizorning pul’ti o‘ziniki emasligi, shu sababdan uni ishlatib bo‘lmayotganligi aytilgach, iste’molchi savdo markaziga borib ushbu masalada murojaat qiladi. Savdo markazidagilar televizor pul’tini topib berishga va’da bergan bo‘lsalarda, masala oxiriga yetkazilavermagach, tuman jamiyatiga bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab ariza bilan murojaat qiladi.
Tuman jamiyati mutaxassislari mazkur masalada savdo markaziga tashrif buyurganlarida, iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan vajlar tasdig‘ini topdi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida esa, savdo markazida sotuvda ekran diagonali 43 dyuymli xuddi shu rusumdagi boshqa televizor bo‘lmaganligi sababli, iste’molchining roziligi bilan nuqsonli televizor ekran diagonali 32 dyuymli televizorga almashtirilib, amaldagi qonunchilik talablari asosida, qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazildi va ortiqcha summa iste’molchiga qaytarildi.
Diloromxon Mirzayeva,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment