Tovarda kafolat muddatida aniqlangan nuqson ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘n kun ichida bepul bartaraf etilishi lozim
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Iftixor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi R.A.ning xarid qilingan kir yuvish mashinasiga servis xizmati ko‘rsatilmayotganligi masalasida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi ma’lum qilishicha, u «Vita» rusumli yarim avtomat kir yuvish mashinasini bundan bir yarim yil avval tumandagi «Ishonch» kredit savdo do‘konidan 1 500 000 so‘mga xarid qilgan. Xarid vaqtida unga kir yuvish mashinasining kafolat muddati 3 yilligi aytilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib unda nuqson kuzatilgach, sotuvchining tushuntirishi bilan, ushbu masalada «Vitech» servis markaziga murojaat qilganida tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etib berish ishlari paysalga solingan. Shundan so‘ng u Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni ishlab chiqaruvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Aks holda, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Tuman jamiyati xodimlari murojaatni o‘rganish davomida servis markazi mas’ullariga yuqoridagi holatlar yuzasidan tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, iste’molchining kir yuvish mashinasida yuzaga kelgan nuqson tez muddatlarda bartaraf etilib, unga soz holatda topshirildi.
Feruza Umurzaqova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment