Iste’molchidan bir yarim million so‘mdan ortiqroq asossiz qarzdorlik olib tashlandi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Toshloq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi N.U. o‘zlariga qarashli bo‘lgan, Marg‘ilon shahridagi ko‘p qavatli uyda joylashgan xonadonga elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi va mazkur qarzdorlikni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab yozgan murojaat o‘rganildi.
Dastlab mazkur murojaatni o‘rganish natijalari, ya’ni xonadondagi mavjud DDS 28-U rusumli hisoblagich 28.10.2023 yil kunida Marg‘ilon shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimi A. tomonidan, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda, 1507 kVt/soat ko‘rsatkich bilan yechib olinganligi, o‘rniga yangi elektron hisoblagich o‘rnatilganligi, lekin korxonada ushbu ko‘rsatkich 01.01.2024 yil sanasi bilan PK-elektron dasturiga 3244 kVt/soat tarzida kiritilganligi, oqibatda 1737 kVt/soatga asossiz qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida to‘plangan hujjatlar shahar elektr ta’minoti korxonasiga kiritildi. Biroq korxonadan iste’molchi xonadonidagi hisoblagich ko‘rsatkichi yechib olish paytida 1507 kVt/soatni ko‘rsatgan bo‘lsada, elektron bazada ushbu ko‘rsatkich 3244 kVt/soat bo‘lgan, xonadondagi eski hisoblagich ko‘rsatkichlari inson aralashuvi bilan orqaga qaytarilgan mazmunida javob olindi.
Shundan so‘ng, o‘rganishda to‘plangan hujjatlar, mazkur javob xatini ham qo‘shgan holda, «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJga kiritildi. Hududiy korxona mas’ullari tomonidan tuman jamiyati kiritgan hujjatlarni o‘rganib chiqilib, yuzaga kelgan kelgan qarzdorlik haqiqatda ham ko‘rsatkichlarni noto‘g‘ri kiritilishi, bunga esa noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan dalolatnoma asos bo‘lgani to‘g‘risidagi vajlar isbotini topganligini, buning natijasida iste’molchi zimmasiga yuklatilgan 1 535 652 so‘m qarzdorlik bartaraf qilingani, xatlov natijasida iste’molchining 550 000 so‘m haqdorligi mavjudligi ma’lum qilindi.
Shohista Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi
Post Comment