Farg‘onada grant loyihalarini ishlab chiqish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘nalishida trening bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada grant loyihalarini ishlab chiqish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘nalishida trening bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Appalachi davlat universiteti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hamda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonliklar uchun grant takliflarini ishlab chiqish va yozish» loyihasi asosida 5 kunlik trening bo‘lib o‘tdi. Treningda viloyatdagi ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Trening davomida ishtirokchilarga grant loyihasi uchun tadqiqot o‘tkazish, potensial mablag‘ beruvchilar bilan muloqotni tashkillash, hamkor tashkilotlar bilan ishlash, loyiha g‘oyasini shakllantirish, loyiha maqsadi, smart vazifalar va amalga oshiriladigan faoliyatlarni to‘g‘ri belgilash, loyihani baholash va uning barqarorligini ta’minlash, loyiha byudjetini ishlab chiqish kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Farg‘onadagi trening mashg‘ulotlari ishtirokchilarning grant loyihasi taklifini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zlari tomonidan amalga oshiriladigan harakat rejalarini ishlab chiqish bilan nihoyasiga yetib, tadbir yakunida qatnashchilarga mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.

Appalachi davlat universiteti professori, loyiha direktori va bosh treneri Jessi Lutabingva (Jesse Lutabingwa) tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur treninglar mamlakatimizning 3 ta shahri: Toshkent, Farg‘ona va Buxoro shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar uning Toshkent va Farg‘ona shaharlaridagi mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar kelgusi haftada Buxoro shahrida davom ettiriladi.

Post Comment