Iste’molchidan ortiqcha ushlab qolingan pul mablag‘i qaytarib berildi

Iste’molchidan ortiqcha ushlab qolingan pul mablag‘i qaytarib berildi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «So‘filar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.I.ning tovarlarni iste’mol kreditiga realizasiya qiluvchi savdo do‘koni uning bank plastik kartasidan 1 586 000 so‘m ortiqcha pul mablag‘i ushlab qolganligi holati yuzasidan Ichki ishlar boshqarmasining “102” qisqa raqamiga qilgan murojaati masalaning tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u 2023 yilda Qo‘shtepa tumanida joylashgan “VODIY SAVDO -KREDIT PLYUS” MChJdan qiymatini bo‘lib to‘lash shartiga asoslangan shartnoma asosida maishiy texnika xarid qilgan. Shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq to‘lagan bo‘lsada, iste’molchi bank kartasidan 1 586 000 so‘m ortiqcha pul mablag‘i yechib olingan. Ushbu mablag‘ni qaytarish bo‘yicha savdo do‘koni mas’ullari bilan olib borgan muzokaralaridan natija chiqara olmagach, muammoni hal qilinishida yordam so‘rab tegishli tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Iste’molchi murojaati MChJ mas’ullari bilan hamkorlikda o‘rganilganda, uning tomonidan keltirilgan vajlar o‘z isbotini topib, savdo do‘koni tomonidan ortiqcha ushlab qolingan 1 586 000 so‘m pul mablag‘i naqd pul shaklida iste’molchiga qaytarilishiga va masalani ijobiy hal etilishiga erishildi.

Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment