Chiqindilarni olib ketish xizmatlaridan qarzdorlik elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishiga sabab bo‘ladimi?

Chiqindilarni olib ketish xizmatlaridan qarzdorlik elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishiga sabab bo‘ladimi?

Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Mirfozil» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.S.ning chiqindilarni olib ketish xizmatlaridan qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli elektr ta’minotidan uzib qo‘yilganligi va ushbu holatga oydinlik kiritib berilishi bo‘yicha qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi murojaatida 22.07.2024 yil kunida xonadoni elektr ta’minotidan uzilib qolgani, surishtirib tarmoqdan chiqindilarni olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona oldida 178 000 so‘m qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli uzib qo‘yilganligi haqida ma’lumot olganini ma’lum qiladi.

Murojaat o‘rganilganda, haqiqatan ham, iste’molchida hududga chiqindilarni olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Vodiy maxsus sanitar trans» MChJ oldida 178 000 so‘m qarzdorlik vujudga kelgani, lekin tarmoqdan uzib qo‘yilishning sababi bu emas, balki elektr energiyasi to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorlik ekani ma’lum bo‘ldi. Iste’molchi elektr ta’minotidan qarzdorlikni bartaraf etishi bilan xonadon elektr ta’minotiga qaytadan ulandi. O‘rganish davomida tomonlarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Iste’molchi chiqindilarni olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona oldidagi qarzdorlikni tezkorlikda bartaraf etish majburiyatini oldi.

Shu o‘rinda, iste’molchi murojaatida keltirilgan chiqindilarni olib ketish xizmatlaridan qarzdorlik sabab elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishi holati yuzasidan quyidagilarni qo‘shimcha qilib o‘tamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.01.2024 yildagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5-sonli Farmoni qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilgan (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno). Farmonga ko‘ra ushbu tartib 1-bosqichda 2024 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida kuchga kirdi va chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun qo‘llanilmoqda. Respublikaning qolgan barcha hududlarida esa ushbu tartibga 2024 yil 1 noyabrdan boshlab o‘tiladi hamda chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun qo‘llaniladi. 2025 yil 1 yanvaridan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti to‘liq joriy etiladi. Demak, yuqoridagilardan kelib chiqilsa, iste’molchi M.S.ning xonadonimni chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi sababli elektr ta’minotidan uzishibdi, degan vaji u Farmonning 1-bosqichida ko‘zda tutilgan hududda istiqomat qilmasligi bois, asosga ega emas.

Dilobar Dadaxonova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment