Iste’molchilik huquqlaringizni mustaqil himoya qilish piramidasining tarkibiy qismlari haqida bilasizmi?
Iste’molchi sohaga oid o‘zi duch kelgan muammoni mustaqil hal qilishga bel bog‘laganda tayyor turishi kerak bo‘lgan narsalarni jamlab, ularni piramida shaklida ifodaladik. Piramida esa iste’molchi tomonidan amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar (moddiy va nomoddiy harajatlar)ni o‘zida aks ettirgan quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topdi:
1. Huquqiy bilim;
2. Vaqt;
3. Mablag‘;
4. Mustahkam asablar.
Ularni har biriga qisqacha to‘xtalaylik:
1. Har bir sohani tartibga soluvchi bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari mavjud. Ularni yaxshi bilmaslik yuzaga kelgan nizoli holatda yutqazib qo‘yishingizga sabab bo‘lishi mumkin.
2. Vaqt oltinga tengdir, hech kim uni yo‘qotishni, behudaga sarflashni istamagan bo‘lardi. O‘z muammoingizni hal qilish uchun esa, albatta, muayyan vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi.
3. Har bir muammoni hal qilish yo‘lida, Siz hech bo‘lmaganda transport harajatlariga duch kelasiz, jamoat tansportida yoki yoqilg‘i sarflab shaxsiy avtotransportingizda muammoni hal qilish yo‘lida harajat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
4. Muammoni hal qilish yo‘lida turli tashkilotlarga borish, navbatda turishlarga duch kelish, turli odamlar bilan uchrashish va suhbatlashishga to‘g‘ri keladi. Ushbu jarayonda esa yo‘qotayotgan vaqtingizni, mablag‘ingizni o‘ylab, Sizda asab tolalarini taranglashuvi sodir bo‘lishi odatiy hol.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga a’zo bo‘lgan holda, uning faoliyatida ishtirok etish bilan Siz yuqoridagi tashvishlardan holi bo‘lishingiz mumkinligi haqida ham o‘ylab ko‘ring!
G`ayrat Mamatkulov,
hududiy birlashma sektor boshlig`i.
Post Comment