Zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan avtomobil boshqasiga almashtirildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrida yashovchi F.K.ning avtosalondan 249 900 000 so‘mga xarid qilingan avtomobil haqida to‘laqonli ma’lumot berilmaganligi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan avtomashina sotib olinishiga sabab bo‘lganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida, joriy yilning 14 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi KIA rusumli avtomobillar bilan savdo qiluvchi salonga borib, 2025 yilda ishlab chiqarilgan KIA Sonet rusumli avtomobil uchun to‘lovni amalga oshirgani, avtomashina 1 hafta ichida keltirilib qo‘liga topshirilgani, lekin Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida hujjatlarni rasmiylashtirish paytida avtomashina o‘tgan yilda ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘lganini, avtomobilni sotuvchiga qaytarib, unga va’da qilingan davrda ishlab chiqilgan avtomashinaga almashtirish masalasini o‘z kuchi bilan hal qila olmaganini ma’lum qilib, masalani qonuniy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Amaldagi qonunchilikda tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqliligi belgilab qo‘yilgan. Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan qonunchilik mazkur talablaridan kelib chiqqan holda sotuvchi tomoniga da’vo talabnomasi shaklidagi xat kiritilib, tashkilot mas’ul xodimlari bilan muzokaralar olib borildi. O‘rganish yakunlari bilan esa avval xarid qilingan avtomobilni avtosalonga qaytarilib, 2025 yilda ishlab chiqarilgan xuddi shu rusumdagi avtomashinaga almashtirilishiga erishildi.
Nigora Usmonova,
shahar jamiyati mutaxassisi.
(illustrativ foto)
Post Comment