Tashqi reklama mahsulotlarida imloviy qoidalarning qo‘llanilishi
Tashqi reklama bugungi kunda zamonaviy shahar muhitining ajralmas qismiga aylangan. U nafaqat tijorat axborotini istemolchiga yetkazish vositasi, balki tilning ommaviy qo‘llanilishidagi o‘ziga xos ko‘zgu hamdir. Reklama matnlari shahar aholisining kundalik turmushida tilga bo‘lgan munosabatini, savodxonlik me’yorlarini va estetik didini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli reklama matnlarining lingvistik sifati nafaqat marketing samaradorligini, balki umumiy til madaniyati holatini ham belgilab beradi.
Mamlakatimizda davlat tili maqomi to‘g‘risidagi qonun va Prezidentning 2019-yil 21-oktabrdagi farmoni ijrosi doirasida til madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin shu bilan birga, ko‘cha-kuyda o‘rnatilgan bannerlar, bilbordlar, peshlavhalar, do‘kon va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari nomlarida imloviy xatolarga juda ko‘p marta duch kelinmoqda. Bu hol tilshunoslar, jurnalistlar va keng jamoatchilik tomonidan jiddiy tashvish bilan qaraladigan masalaga aylangan.
Bunday xatolar zohiran kichik ko‘rinishida bo‘lsa-da, ommaviy auditoriyaga taqdim etilishi natijasida noto‘g‘ri yozilgan so‘z, ibora yoki jumla ona tilini bilish darajasiga, ayniqsa, yosh avlod savodxonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Reklama matni har kuni minglab kishilar tomonidan ko‘rilishi va beixtiyor xotirada qolishi sababli, undagi xato birmuncha vaqt o‘tib “to‘g‘ri shakl” sifatida qabul qilinishi mumkin. Imloviy xatolarni tasniflash, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdir.
Reklama matnlari va ulardagi til xususiyatlari masalasi jahon va o‘zbek tilshunosligida turli tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan. Xususan, ingliz tilshunosi G. Cookning “The Discourse of Advertising” asarida reklama diskursining lingvistik xususiyatlari, uning ijtimoiy ta’siri, mediadagi til funksiyalari batafsil yoritib berilgan. Muallif reklamani “alohida diskurs turi” sifatida talqin qilib, undagi til hodisalarining strukturaviy va pragmatik tahlilini taklif etadi. O‘zbek tilshunosligida N. Mahmudov, A. Nurmonov, A. Hojiev, Sh. Rahmatullaev, B. Mengliev kabi olimlar ona tilining imloviy va uslubiy qoidalari, til madaniyati masalalariga oid muhim tadqiqotlar olib borgan. Ularning ishlarida ona tili imlo qoidalarining ilmiy-nazariy asoslari ishlab chiqilgan, normalashtirish jarayonlari yoritilgan. A. Hojievning “O‘zbek tili imlo qoidalari” qo‘llanmasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozish me’yorlari, qo‘shimchalarning yozilishi, qo‘sh undosh va apostroflarning ishlatilishi qoidalari muntazam bayon qilingan . Bu qo‘llanma reklama matnlarini tayyorlovchilar uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, B. Mengliev tomonidan ommaviy axborot vositalari va reklama matnlarining lisoniy tahliliga e’tibor qaratilgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan 350 ta tashqi reklama mahsulotining 187 tasida (53,4%) bir yoki bir nechta imloviy xato aniqlandi. Bu ko‘rsatkich masalaning naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi: deyarli har ikkinchi reklama mahsulotida tilga oid u yoki bu darajadagi xatolik mavjud . Bu hol o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kontekstida alohida e’tibor talab qiladi
Xulosa qilib aytganda, tashqi reklama mahsulotlaridagi imloviy xatolar nafaqat lingvistik, balki sosial-madaniy muammodir. Mazkur takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi tashqi reklama sohasida til madaniyatining yuksalishiga, davlat tilining nufuzini oshirishga va aholi savodxonlik darajasining yaxshilanishiga xizmat qiladi . Kelajakdagi tadqiqotlar onlayn-reklama, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama matnlari va televizion reklamalardagi til xususiyatlarini qamrab olishi maqsadga muvofiq.
Sarvinozxon Abdusalomova,
Farg‘ona davlat universiteti
Filologiya fakulteti 23.90-guruh talabasi.



Отправить комментарий