Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolajonlarga umumiy ta’lim berish ishlari qay ahvolda?

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolajonlarga umumiy ta’lim berish ishlari qay ahvolda?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasiga muvofiq, har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Demak, bundan kelib chiqilsa, umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan jismonan sog‘lom o‘g‘il va qizlar bilan teng huquqlarga ega bo‘lgan, lekin jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalarga ham davlat tomonidan ularning ta’lim olish borasidagi konstitusion huquqlari ta’minlab berilishi shart. Federatsiya tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlarning maqsadi ana shunday toifadagi bolajonlarga umumiy ta’lim berilishini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishdan o‘tkazishdan iboratdir.

E’tirof etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yilning 12 oktyabrida «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida» 638-son qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan «Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom», «Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom», «Sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom», «Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi to‘g‘risidagi nizom», «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom» va boshqa bir qator me’yoriy hujjatlar tasdiqlangan.

«Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom» alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning boshqa (sog‘lom) bolalar bilan teng huquqli va birgalikdagi ta’lim olishlariga sharoit yaratib berishni ko‘zda tutsa, «Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom» alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim berishni ko‘zda tutadi hamda bu boradagi tartib-qoidalarni belgilab beradi.

Davolanish, sog‘lomlashtirishga muhtoj bolalarga ularning bilim olish imkoniyatlariga muvofiq ravishda umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lish va tarbiya olishida yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan ta’lim muassalari «Sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risida nizom» asosida ish olib borsa, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish «Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi to‘g‘risidagi nizom» bilan tartibga solingan.

Shuningdek, davlatimiz tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolajonlar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida ularni muayyan kasblarga o‘qitish kurslari tashkillanadi va bu ishlarni tashkillash 638-son qarorning 6-ilovasidagi Nizom bilan tartibga solinadi. Mazkur o‘quv kurslari alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashishni ko‘zda tutadi. Ushbu kurslarda ta’lim olgan o‘quvchilar o‘zlarining qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oshpazlik, novvoylik, pazandachilik, tikuvchilik, sartaroshlik, fotograflik, kosibchilik, musiqa asboblarini ta’mirlovchi usta va boshqa bir qator kasblarni egallashlari mumkin bo‘ladi.

Yuqoridagilarni asos qilgan hamda iste’molchilar muayyan doirasi (ushbu o‘rinda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolajonlar)ning huquq va manfaatlarini ko‘zlab, Federatsiya topshirig‘i asosida, joylarda yuqorida nomlari zikr etilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi qay darajada ta’minlanayotganligi bo‘yicha jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. O‘rganish natijalari yuzasidan tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralariga mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar kiritish rejalashtirilgan.

Agar Sizda bu borada muammolar, murojaatlar hamda takliflar bo‘lsa, joriy yilning 25 apreliga qadar Federatsiyaning istemol.uz saytidagi vertual qabulxonaga, respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki telegram messenjeridagi maxsus bot (PotrebitelUz_bot)ga yuborishingiz maqsadga muvofiq bo‘lishini ham eslatib o‘tamiz.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Surat manbasi: borgenmagazine.com

1 комментарий

Отправить комментарий