Iste’molchilik ijtimoiy harakati: mustaqillik yillaridagi taraqqiyot va istiqbollar muhokama qilindi

Iste’molchilik ijtimoiy harakati: mustaqillik yillaridagi taraqqiyot va istiqbollar muhokama qilindi

Farg‘onada iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik va ijtimoiy sheriklik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi islohotlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tashabbusi bilan «Iste’molchilik ijtimoiy harakati: mustaqillik yillaridagi taraqqiyot va istiqbollar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Federatsiyaning Farg‘ona viloyatidagi tuman va shahar jamiyatlari rahbarlari, shuningdek Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishganidan so‘ng iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikning shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, sohada amalga oshirilgan islohotlar, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini ta’minlash mexanizmlari hamda bu boradagi amaliy tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri — qonunchilik talablarini hayotga tatbiq etishda davlat va nodavlat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligi masalasi bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish, aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirish, iste’molchilik madaniyatini shakllantirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligining o‘rni muhokama qilindi.

Shu bilan birga, sohada uchrayotgan muammolar, ularning kelib chiqish sabablari va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi. Bu esa hududda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuv va tashabbuslarni shakllantirishga xizmat qildi.

Davra suhbati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan, shuningdek O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan «Iste’molchilar huquqi himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan tizim xodimlarini e’tirof etish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mazkur esdalik nishoni bilan Mustaqillik bayrami arafasida Federatsiya tizimida samarali mehnat qilib, iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholi o‘rtasida huquqiy va iste’molchilik madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishlarida munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlar taqdirlangan.

Tadbir nafaqat sohada amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, balki mustaqillik yillarida shakllangan iste’molchilik ijtimoiy harakatining bugungi o‘rni va kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish va mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan takliflar shakllantirilib, sohaga daxldor tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik hamda hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Отправить комментарий