Maishiy buyumni ishlatishda u qanday maqsadlar uchun mo‘ljallanganligiga alohida e’tibor qaratish zarur
Iste’molchi D.A. Farg‘ona shahri markazidagi «K.» do‘konidan sotib olgan mikserni nosozligi yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan. Savdo do‘koni mas’ullarining iddaosiga ko‘ra, ushbu nosozlik iste’molchi tomonidan maishiy buyumning tuxum ko‘pirtirishga mo‘ljallangan qo‘shimcha qurilmasidan xamir qorishda foydalanganligi natijasida kelib chiqqan.
Ushbu holat murojaatni savdo do‘koni xodimi S.M. ishtirokida o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldi. Oldi-sotdi jarayonida mikser bir yillik kafolat muddati bilan, 1 139 000 (bir million bir yuz o‘ttiz to‘qqiz ming) so‘mga realizasiya qilingan. Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, bu iste’molchiga sotib olingan tovarning ushbu muddat mobaynida normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ishlab chiqaruvchi tomonidan ta’minlab berilishi kafolatini beradi.
Biroq iste’molchi ushbu huquqdan to‘laqonli foydalana olishi uchun yuzaga kelgan nuqson iste’molchiga bog‘liq bo‘lmagan holda yuzaga kelgan bo‘lishi yoki uning tovardan noto‘g‘ri foydalanishi natijasida kelib chiqqan bo‘lmasligi talab etiladi. Lekin amaldagi qonunning 6-moddasiga ko‘ra iste’molchining tovardan to‘g‘ri foydalanishi uchun, u tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot bilan ta’minlanishi, jumladan tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari bilan tanishtirilishi lozim.
Agar iste’molchiga tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa (qonunning 7-moddasi), iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi.
Shuning bilan birgalikda, qonunning 8-moddasiga asosan, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi)da oldi-sotdi jarayonida tovarni ishlatib ko‘rsatish, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish bo‘yicha majburiyat ham bor.
Iste’molchi D.A.ning murojaatini o‘rganish jarayonida sotuvchi iste’molchining qonunning 6 va 8-moddalaridagi huquqlaridan to‘laqonli foydalana olishini ta’minlab bermagan, natijada uning qonunning 7-moddasidagi huquqlari vujudga kelgan, degan xulosaga kelinib, sotuvchiga ushbu holatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Buning natijasida sotuvchi o‘rganuv kunining o‘zida mikserning qo‘shimcha qurilmasini o‘z hisobidan ta’mirlatib, ishga soz holatga keltirib berdi.
Faxriddin Boynazarov
Hududiy birlashma sektor boshlig‘i
Отправить комментарий