Nuqsonli chiqqan shiferlarning puli iste’molchiga to‘liq qaytarildi

Nuqsonli chiqqan shiferlarning puli iste’molchiga to‘liq qaytarildi

Buvayda tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Uzumzor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi U.X.ning tomga yopish uchun xarid qilingan shiferlarning nuqsonli chiqqanligi va bu borada sotuvchiga bildirgan e’tirozlaridan natija bo‘lmayotganligi xususidagi og‘zaki murojaati o‘rganildi.

Men yaxshi niyatda yangi uy qurib, tom qismini bitkazish paytida mahalladagi savdo do‘konidan sotib olib tomga o‘rnatgan shiferlar oradan hech qancha vaqt o‘tmay o‘z-o‘zidan yorilib ketdi. O‘z kuchim bilan muammoni hal qila olmadim, Shu masalani o‘rganib amaliy yordam ko‘rsatsalaring, — deydi fuqaro tuman jamiyati mas’ul xodimi bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yashash hududlaridagi savdo do‘konidan 44 dona shiferni har bir donasini 51 000 so‘mdan, jami 2 244 000 so‘mga xarid qilgan. Sentyabr oyi boshlarida yangi uyning tomiga o‘rnatilgan shiferlar oradan 15 kun o‘tib yorilib ketgan. Bu borada sotuvchiga qilgan e’tiroz va qonuniy talablaridan esa natija bo‘lmagan.

Murojaatni o‘rganish davomida savdo do‘koni sotuvchisi bilan uchrashib, unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Yuzaga kelgan holatda iste’molchining qonuniy talabi va mazkur talabni e’tiborsiz qoldirishning huquqiy oqibatlari bo‘yicha berilgan tushuntirishlar kor qilib, iste’molchiga nuqsonli chiqqan tovarning pulini to‘liq qaytarilishiga erishildi.

Asrorjon Yigitaliyev,
tuman jamiyati raisi.

Отправить комментарий