Shahar jamiyati sa’y-harakatlari bilan oqova suv tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik bartaraf qilindi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Huvaydo» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolarning hududlaridagi oqova suv tarmog‘idagi nosozlik borasida kelib tushgan tushgan murojaatlari o‘rganildi.
— Biz yashaydigan Navoiy ko‘chasi 5 va 7-uylar oldidagi kanalizasiya lyukidan oqova suvlar doimiy oqib turadi. Ichimlik suvi korxonasi ushbu holatni bir necha bor bartaraf qildi, lekin bir necha kun o‘tib holat yana takrorlanyapti. Mas’ullar kanalizasiya quvurini almashtirish lozimligini aytishmoqda. Muammoni bartaraf qilinishida amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz, — deyiladi ularning murojaatida.
Mazkur murojaat «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJ shahar filiali mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganilganda, kanalizasiya lyukidan ketadigan quvurning chirishi natijasida yonidagi daraxt tomirlari bilan qisilib, quvur berkilib qolganligi, buning oqibatida esa oqova suvlar bir maromda oqib ketishiga to‘sqinlik yuzaga kelganligi ma’lum bo‘ldi. Quvurning zararlangan qismi almashtirilishi bilan esa muammo to‘liq bartaraf etildi.
Farxodjon Haydarov,
shahar jamiyati raisi.
Отправить комментарий