Bekatlar belgilangan talablarga javob bera olyaptimi?

Bekatlar belgilangan talablarga javob bera olyaptimi?

Raqobat boshqarmasi so‘rovi asosida Federatsiyaning viloyatdagi tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan avtobus bekatlarida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda bekatlarning belgilangan talablarga mosligi yuzasidan kuzatuv (o‘rganish)lar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida, tanlama asosda, hududdagi 190 ta bekatlar ko‘rildi.

O‘rganilgan bekatlarning 12 tasi «Aqlli bekat» umumiy nomi bilan nomlangan bo‘lsa, yana 55 tasining peshtoqidan joylashgan hududi (mahalla), mashhur shaxs, yonida joylashgan korxona, tadbirkorlik sub’ekti nomi yoki u realizasiya qilayotgan mahsulot (pepsi, non kabob kabi) nomi o‘rin olgan. Qolgan bekatlarda esa nomi ko‘rsatilmagan.

O‘rganishlar davomida bekatlarning O’z DSt 3196-2017-son “Avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlariga qo‘yiladigan umumiy talablar” davlat standartiga mosligi ko‘rilganda, ularning 81 tasi sovuq va issiq havodan yo‘lovchilarni himoya qilish maqsadida kutish zallarining kamida 3 ta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilgan bo‘lishi bo‘yicha talablarga, 29 tasi qatnovlarning tig‘iz paytida mazkur bekatlar maydoni 4-ta yo‘lovchi uchun kamida 1 m2 ni tashkil etishi bo‘yicha talablarga, 136 tasi nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar bilan jihozlanishi bo‘yicha talablarga, 76 tasi kutish zalining har 10 m2 uchun kamida 1 ta o‘rindiq (skameyka) o‘rnatilishi bo‘yicha talablarga, 138 tasi bekat tashqarisi hamda kutish zaliga alohida chiqindi qutilari o‘rnatilishi bo‘yicha talablarga, 121 tasi esa kutish zallari elektr yoritkichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerakligi talablariga to‘liq javob bermasligi kuzatildi.

Shuningdek, bekatlarning 32 tasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-sonli qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Avtomobil’ transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish Qoidalari»ning 38-bandiga asosan pavil’onni joylashtirish uchun asfal’tlangan maydonchalar va yo‘lovchilarning bekatga kelishi uchun asfal’tlangan yo‘lkalar mavjud bo‘lishi bo‘yicha talablarga, 35 tasi esa yo‘lovchilarning yomg‘ir, qor, shamoldan bekinishini ta’minlab beradigan pavil’on mavjudligi bo‘yicha talablarga to‘liq javob bermasligi, aksariyat bekatlarda yo‘nalishlar ko‘rsatkichlari qo‘yilmaganligi kuzatildi va o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari yuzasidan umumlashtirilgan ma’lumot Raqobat boshqarmasiga kiritildi.

Post Comment