O‘n million so‘mlik muzlatgich nuqsonlari sabab boshqasiga almashtirildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Rishton tumanilik R.P.ning 10 000 000 so‘mga xarid qilgan muzlatgichni nuqsonli chiqqanligi va uni almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, muzlatgich shahardagi «Idea» savdo do‘konidan xarid qilinib, undan foydalanish jarayonida nuqson aniqlangan. Muammoni o‘z kuchi bilan hal qila olmagan iste’molchi Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchining asosli holatlarda tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etib berish, uni almashtirish kabi qonuniy talablarini qonunda belgilangan muddatlar ichida bajarilmasligi sotuvchiga nisbatan tegishli moliyaviy sanksiyalar, xususan uning tomonidan iste’molchiga qonuniy muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining 1 foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lash majburniyatini keltirib chiqaradi. O‘rganish ishlari davomida sotuvchi bilan bu borada olib borilgan muzokaralar samarasini berib, iste’molchi tomonidan nuqsonli ekanligi da’vo qilingan muzlatgich boshqa yangisiga almashtirib berilib, muammo tezkorlikda bartaraf etilishiga erishildi.
Mansurjon Toshkanov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment