Suyultirilgan uglevodorod gazini aholiga yetkazib berishda tasdiqlangan grafiklarga amal qilinishi shart
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Qoraqum» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi R.G.ning suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish muddatlaridagi uzilishlar, to‘lovni plastik karta orqali to‘lash borasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ko‘rsatilmagan xizmat uchun pul olish holatlari yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Garchi murojaatni o‘rganish jarayonida iste’molchini qiynab turgan muammo bartaraf etilgan, uning qulflanib qolgan plastik kartasi kelgusida to‘lovlarni amalga oshirib borishi uchun ishga tushirib berilgan bo‘lsada, mahalla hududi aholisiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda, haqiqatan ham, tasdiqlangan grafikdan chetga chiqish holati kuzatilgan. Ushbu holat yuzasidan tuman jamiyati mutaxassislar tuman gaz idorasi mas’ullari bilan tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borganlar.
Shunday bo‘lsada, shu va shu kabi holatlarda iste’molchilarga qo‘shimcha ma’lumot bo‘lishi uchun quyidagilarni keltirib o‘tishni joiz deb topdik:
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 646-son qaroriga 1-ilova bilan «Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi to‘g‘risida nizom» tasdiqlangan.
Nizomning 63-bandiga asosan, yetkazib beruvchi tashkilot suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berishni ushbu Nizomga, tasdiqlanadigan jadvallarga va hajmlarga muvofiq yetkazib berishni amalga oshirishga, yetkazib beruvchi zavodning suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berishda kutilayotgan kechikishlar yoki yetkazib berish to‘xtatilishi to‘g‘risidagi xabarnomasi olingan kundan boshlab bu haqda o‘n kalendar’ kun ichida iste’molchini xabardor qilishga majburdir.
Nizomning 68-bandiga ko‘ra, iste’molchiga yetkazib berilgan maishiy gaz ballonida suyultirilgan uglevodorod gazi miqdori 20 kg dan kam bo‘lishi hamda suyultirilgan uglevodorod gazi va maishiy gaz ballonlarini yetkazib berishning tasdiqlangan jadvallarida belgilangan muddatlardan kechikishi (etkazib beruvchi zavodning suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berishda kutilayotgan kechikishlar yoki yetkazib berish to‘xtatilishi to‘g‘risidagi xabarnomasi asosida iste’molchi xabardor qilingan holatlardan tashqari) gaz ta’minoti tashkiloti rahbari va yetkazib beruvchi xodimning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.
Adxamjon Xamidov,
jamiyat raisi.
Post Comment