Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda
Federatsiyaning Farg‘ona viloyatidagi quyi tuzilmalari tomonidan turli shakllardagi targ‘ibot tadbirlari tashkillanib, aholining turli qatlamlariga amaldagi qonunchilik targ‘iboti olib borilmoqda.
Marg‘ilon shahri
Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shahardagi 9-sonli musiqa maktabida tashkillangan tayanch guruhi taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 09.01.2019 yil kunidagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-5618-sonli Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkillandi.
Maktab ishchi xodimlari ishtirokida va “Huquqimizni bilamizmi?” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda so‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni hamda inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar almashinishi barobarida bu borada Federatsiya va uning quyi tuzilmalari tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham axborotlar berib o‘tildi.
Toshloq tumani
Tuman jamiyati mutaxassislari 21-umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, ular bilan yuzma-yuz muloqot shaklidagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazdilar. Uning doirasida o‘quvchi yoshlarga mamlakatimizning iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi asoslari, qonunchilikning yoshlar bilishi muhim bo‘lgan jihatlari, iste’molchi sifatida muammolarga duch kelganda davlat idoralariga, shuningdek iste’molchilar jamoat birlashmalariga murojaat qilish yo‘l-yo‘riqlari yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berib o‘tildi.
Post Comment