To‘langan mablag‘ning ko‘rsatilmagan xizmat qismi qaytarib olindi
Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbai hisoblanuvchi quyosh panellaridan foydalanuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Talab oshgani sayin ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar soni ham ortib borayotgan bo‘lsada, ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, yetkazib beruvchi)lar tomonidan buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari ham uchrab turibdi.
Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shu tumanda yashovchi X.M. dan kelib tushgan og‘zaki murojaat ham ayni shu masalada bo‘ldi. Unda iste’molchi tuman hududida faoliyat olib borayotgan «A.» xususiy korxonasiga o‘z mulkidagi ofisga quyosh paneli o‘rnatish maqsadida naqd pul ko‘rinishida 20 000 000 so‘m hamda pul o‘tkazish yo‘li bilan 10 000 000 so‘m pul mablag‘ o‘tkazganligini, biroq oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay panelni o‘rnatish ishlari to‘liq oxiriga yetkazilmaganligi, shu boisdan u qayta tiklanuvchi energiya manbai uskunasining qolgan qismini boshqa firma orqali qildirganini ma’lum qilib, “A.” xususiy korxonasiga to‘langan mablag‘ning ko‘rsatilmagan xizmat qismini qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Jamiyat mutaxassislari murojaatni murojaat o‘rganilishi davomida xususiy korxona mas’ullari bilan yuzaga kelgan holat va uni hal etish yo‘llari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib bordilar. Korxona ishlar to‘liq hal etilmagan taqdirda bu borada sudga da’vo arizasi kiritilishi bo‘yicha ham ogohlantirildi. Natijada iste’molchiga korxona tomonidan ko‘rsatilmagan xizmat hajmiga teng bo‘lgan mablag‘ summasini, ya’ni 10 000 000 so‘m mablag‘ni naqd pul ko‘rinishida qaytarilishiga erishildi.
Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment