Iste’molchining xarid qilingan qurilish materialidan ko‘rilgan zarari qoplab beriladigan bo‘ldi

Iste’molchining xarid qilingan qurilish materialidan ko‘rilgan zarari qoplab beriladigan bo‘ldi

Sendvich panellar—bu uch qavatli, ya’ni ikkita qattiq tashqi listdan (masalan, rux moddasi qoplangan po‘latdan) va ular orasidagi issiqlikni saqlovchi materialdan iborat qurilish materiali ekanligini, material nomi ham shundan kelib chiqib inglizcha «sandwich» so‘zidan olinib, uning ko‘p qatlamli tuzilishini aks ettirishini ko‘pchilik biladi, albatta. U bugungi kunda qurilishda ko‘p ishlatiladigan, lekin qimmat materiallardan hisoblanadi.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanilik Yo.U. Qo‘qon shahridagi «B. P.» firmasidan shartnoma asosida aynan shunday materialdan umumiy summasi 111 700 000 so‘mga teng miqdorda xarid qilgan. Lekin xarid qilingan panellarning ayrimlari oradan 8 oy o‘tib sifatsiz holga kela boshlagan. Muammoni sotuvchi bilan muzokara vositasida hal qila olmagach esa Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Murojaatni Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga rasmiy so‘rov xati kiritilgach, sotuvchi vakili iste’molchi manzilida bo‘lib, murojaatda keltirilgan vajlarni o‘rgandi. O‘rganish natijasida iste’molchi tomonidan ko‘rilgan zarar summasi 22 340 000 so‘mga tengligi hisob-kitob qilindi va yetkazilgan zararni to‘liq qoplab berilishi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur holat sendvich panellari umuman sifatsiz mahsulot ekanini yoki ularni sotib olmaslik kerakligini anglatmaydi. Har qanday qurilish materiali kabi, yirik hajmda ishlab chiqariladigan mahsulotlarda va ayrim partiyalarda nuqsonlar uchrashi tabiiy hol. Muhimi — bunday vaziyatlarda iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi, tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilishi va muammo qonuniy tarzda hal qilinishi mumkinligini tushunib yetishidir.

Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment