Bir savolga bir javob #7

Bir savolga bir javob #7

Bu galgi savolimiz xaridorning nuqsonli tovarini ta’mirlash davrida unga xuddi shunday tovarni vaqtincha foydalanib turish uchun tekin berib turish to‘g‘risidagi talabi tatbiq etilmaydigan tovarlar haqida bo‘ladi.

Savol:

Qonunga ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan tovarda nuqsonlar bo‘lsa, uni ta’mirlab berish davomida iste’molchiga foydalanib turish ayni shunday tovar berib turilishi kerak ekan. Bu holat hamma tovarlar uchun ham tatbiq qilinadimi?

Javob:

«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga asosan, uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarda nuqsonlar bo‘lsa, uni ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste’molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turilishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2003 yil 13 fevral’ kunidagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 2-ilovasida, “Xaridorning ta’mirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model’, artikul)dagi tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar ro‘yxati” keltirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga quyidagi tovarlar kiritilgan:

  • Avtomobillar, motosikllar va mototexnikaning boshqa turlari, ularga tirkamalar va nomerli agregatlar (nogironlar foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovarlar, sayr qilish qayiqlari va suzish vositalaridan tashqari);
  • Mebel;
  • Pardoz buyumlari sifatida va tibbiy maqsadlarda foydalaniladigan maishiy elektr priborlari (elektrbritvalar, elektrofenlar, sochni jingalak qilish uchun elektrqisqichlar, tibbiy elektr reflektorlar, elektr grelkalar, elektr bintlar, elektr pledlar, elektr odeyallar);
  • Mahsulotlarni termik qayta ishlash va ovqat tayyorlash uchun foydalaniladigan maishiy elektr priborlari (maishiy SVCh pechlari, elektrpechlar, tosterlar, elektr suv qaynatgichlar, elektrchayniklar, elektrisitgichlar va boshqa tovarlar).

Demak mazkur ro‘yxatga kiritilgan turdagi tovarini nusonlari sabab servis ustaxonasiga topshirgan iste’molchiga ta’mirlash davrida foydalanib turish uchun xuddi shunday tovar berib turilmaydi, ushbu ro‘yxatdan tashqari qolgan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar servis ustaxonalariga topshirilganda foydalanib turish uchun o‘rniga xuddi shunday tovar berib turilishi kerak.

Savolga O‘IHHQJ Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi mutaxassisi Sh.Kasimova javob berdi.

Post Comment