Sotuvchi xatosi bartaraf etildi va iste’molchining puli qaytarildi

Sotuvchi xatosi bartaraf etildi va iste’molchining puli qaytarildi

Yozyovon tumanida yashovchi B.I.ning farzandiga xarid qilingan sport oyoq kiyimi o‘lchami mos kelmagani sababli sotuvchidan uni boshqasiga almashtirib ololmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 12 aprel kuni B. I. tuman hududida sotuvchilik faoliyatini olib borayotgan D.U. dan farzandi uchun 120 000 so‘mga sport oyoq kiyimi xarid qilgan, biroq oyoq kiyimi kichik kelganligi sababli sotuvchiga qaytarishga harakat qilgan. Sotuvchi tomonidan esa sotuvda xuddi shu turdagi oyoq kiyimidan boshqa yo‘qligi vaj qilib ko‘rsatilib, almashtirish talabiga rad javobi berilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra bunday holatlarda, ya’ni maqbul sifatdagi tovarni biror iste’mol xususiyati (rangi, o‘lchami, fasoni va b.) mos kelmagani ortidan tovar sotuvchiga qaytarilganda, sotuvda boshqa bunday tovar bo‘lmagan holatlarda iste’molchiga puli qaytariladi.

Mazkur holat yuzasidan tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida sotuvchiga amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari tushuntirilib, iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar bo‘yicha huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Natijada sotuvchi o‘z xatosini to‘liq tan oldi. Tovarning tegishli o‘lchami mavjud emasligi sababli iste’molchiga 120 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.

Shu tariqa, murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etildi va iste’molchining qonuniy huquqlari tiklandi. Bu kabi holatlar iste’molchilar o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilish organlariga murojaat qilishi orqali muammolarni qonuniy hal etish mumkinligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment