Saylov qonunchiligi targ`iboti oyligi doirasidagi tadbir (videomaterial)

Saylov qonunchiligi targ`iboti oyligi doirasidagi tadbir (videomaterial)

Hududiy birlashma tashabbusi bilan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi Fargʼona viloyat hududiy boʼlinmasi Majlislar zalida «Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi» doirasida tashkillangan davra suhbati «Oʼzbekiston Respublikasi saylov kodeksi» mazmun-mohiyatiga bagʼishlanib, unda hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlarining masʼul xodimlari, shuningdek hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbatida taʼkidlandiki:

Oʼzbekiston Respublikasi Saylov Kodeksi 2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi rivojlanishning beshta ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʼyicha “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʼoyalar va texnologiyalarni qoʼllab-quvvatlash yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan boʼlib, amaldagi Oʼzbekiston Respublikasining saylov qonunchiligi boʼyicha 5 ta qonunlar mavjud boʼlib, bu huquqni qoʼllashda bir qator murakkabliklar tugʼdirayotgan edi. Bundan tashqari, saylov jarayoni va uni oʼtkazish tartib-tamoyillari va qoidalarining koʼpchiligi qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yoʼriqnomalari bilan tartibga solingan.

Ushbu Kodeksni tayyorlash davomida 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning (Frantsiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belьgiya, Polsha, Аlbaniya, Belarus, Ozarbayjon va boshqalar) tajribasi, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro standartlar oʼrganilgan. Jumladan, Frantsiya, Belьgiya, Polьsha, Аlbaniya, Аrmaniston, Ozarbayjon, Bolgariya, Gruziya va boshqa mamlakatlarda yagona saylov kodeksi mavjud.

Kodeks loyihasining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish maqsadida 2018 yil 19 iyulda Oliy Majlis palatalari tomonidan Markaziy Saylov komissiyasi bilan birgalikda Аmaliy haraktlar rejasi (“Yoʼl xaritasi”) tasdiqlandi, unga muvofiq loyiha 5 xil turdagi muhokama va ekspertizadan oʼtkazildi:

1) jamoatchilik orasida Internet muhokamalar;

2) fuqarolik jamiyati institutlarining ekspertlari tomonidan jamoatchilik ekspertizasi;

3) ilmiy ekspertiza;

4) amaliyotchilar, shu jumladan, saylov komissiyasi mutaxassislari va joylardagi xalq deputatlari Kengashlar oʼrtasidagi muhokamalar;

5) xalqaro tashkilotlar ekspertizasi.

Muhokama yakunlari boʼyicha fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining 400 dan ortiq takliflari kelib tushdi. Bundan tashqari YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qoʼmitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning xulosa va fikrlari olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2019 yil 25 iyunda Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqladi. OʼRQ–544-son Qonun shu yil 26 iyundan kuchga kirdi.

Ushbu Kodeks Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) deputatlari, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengashlar deb yuritiladi) deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʼrish va ularni oʼtkazish bilan bogʼliq munosabatlarni tartibga soladi hamda Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining xohish-irodasi erkin bildirilishini taʼminlovchi kafolatlarni belgilaydi.

Saylov kodeksini ishlab chiqishda, asosan, uchta manbaga tayanildi.

Birinchi manba – saylovlar toʼgʼrisidagi milliy qonunchilik va saylov amaliyoti. Bu oʼrinda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylovga doir 5 ta Qonun va Markaziy saylov komissiyasining 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari, shuningdek, demokratik saylovlar oʼtkazish borasidagi qariyb 30 yillik milliy saylov amaliyotimiz asosida ish olib borilganini qayd etish lozim.

Ikkinchi manba – saylovlarga doir ilgʼor xorijiy tajriba. Kodeks loyihasini tayyorlash davomida dunyodagi 50 dan ortiq davlatlar, xususan, Frantsiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belьgiya, Polьsha, Аlbaniya, Belarusь, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning saylov kodekslari va qonunlari oʼrganildi. Tahlillar shuni koʼrsatdiki, hozirgi vaqtda Frantsiya, Belьgiya, Polьsha, Аlbaniya, Аrmaniston, Ozarbayjon, Bolgariya, Gruziya singari 40 ta davlat oʼzining yagona Saylov kodeksiga ega.

Uchinchi manba – saylovlarga doir xalqaro standartlar va demokratik printsiplar. Saylovga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy gʼoya va standartlari Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi normalariga imkon qadar chuqur singdirildi. Bunday hujjatlar jumlasiga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi pakt, YeXHTning insoniylik mezonlari toʼgʼrisidagi hujjatlari, jumladan, 1990 yilgi Kopengagen hujjati, Parlamentlararo Ittifoqning Аdolatli saylovlar toʼgʼrisidagi deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar kiradi.

Saylov kodeksining tuzilishi – 2 qism, yaʼni Umumiy qism – 6 bob va Maxsus qism – 12 bob, jami 18 bob, 103 moddadan iborat.

Saylov kodeksining 26 ta yangi, eng asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

Birinchi yangilik. Qonunchilik palatasida deputatlik oʼrinlari uchun Oʼzbekiston ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi. Bunda Qonunchilik palatasida amaldagi deputatlik oʼrinlari (150 oʼrin) saqlab qolindi.

Ikkinchi yangilik. Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod koʼrsatish tartibi bekor qilindi.

Uchinchi yangilik. Oʼzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʼyxatini shakllantirish Kodeks bilan tartibga solinadi.

Toʼrtinchi yangilik. Muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlandi.

Beshinchi yangilik. Saylovlarni oʼtkazish yoki tashkil etishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʼrib chiqish tartibi kiritildi.

Oltinchi yangilik. Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʼish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʼllab-quvvatlab imzo qoʼyishi mumkinligi belgilandi.

Yettinchi yangilik. Ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan (+, v, X) birini qoʼyish imkoniyati berildi.

Bundan tashqari, protsessual, yaʼni bevosita saylov jarayonlari bilan bogʼliq bir qator yangi qoidalar joriy etildi.

Jumladan:

Saylov uchastkasida ovozlarni sanash bayonnomasining nusxasini darhol joylashtirish tartibi belgilandi. Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar) koʼrsatildi.

Fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʼyicha takliflar kiritish tartibi belgilandi.

Qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda oʼtkazilgan taqdirda, yagona saylov uchastkalarini tuzish belgilandi. Ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi toʼgʼrisidagi nizomni bekor qilib, Senat aʼzolarini Kodeks darajasida saylash masalasi kiritildi.

Saylov komissiyasi aʼzolari uchun yangi talablar oʼrnatildi. Bunda nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita boʼysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzolari boʼlishi mumkin emasligi belgilandi. Nomzodlar ishonchli vakillarining Oʼzbekiston Respublikasidagi safar xarajatlari saylovni oʼtkazish uchun ajratilgan mablagʼlar hisobidan toʼlanishi tartibi belgilandi.

Shuni ham aytish kerakki, Saylov kodeksida saylov sohasiga ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan takliflar ham oʼz aksini topgan. Xususan, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʼyicha byurosi hamda Venetsiya komissiyasining quyidagi 10 ta tavsiyasi Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga kiritildi:

Bundan tashqari, protsessual, yaʼni bevosita saylov jarayonlari bilan bogʼliq bir qator yangi qoidalar joriy etildi.

– Ijtimoiy xavfi katta boʼlmagan va uncha ogʼir boʼlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning (2,3 ming kishi) saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi.

– Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʼl qoʼyiladigan maksimal chetga chiqishi 10 foizdan oshmasligi sharti belgilandi.

– Qonunchilik palatasiga saylovlar boʼyicha saylov okruglarini tuzishda Markaziy saylov komissiyasi viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining emas, balki xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga asoslanishi koʼzda tutilmoqda.

– Saylovchilar roʼyxatiga oʼzgartishlar kiritish saylovga 3 kun qolganida toʼxtatilishi belgilanmoqda.

– Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilanmoqda (oldingi 1 kun oʼrniga).

– Jinoyat ishi qoʼzgʼatilganligi munosabati bilan qonun oldida javobgar boʼlgan fuqarolarning Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nomzod sifatida roʼyxatga olinishiga ruxsat etilishi nazarda tutilmoqda.

– Siyosiy partiyaning u yoki bu shaxsni nomzod etib koʼrsatish toʼgʼrisidagi oʼz qarorini saylovga kechi bilan 15 kun qolganida bekor qilish huquqiga ega ekanligi oʼrnatilmoqda.

– Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, yaʼni ularni roʼyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi koʼrsatilmoqda.

– Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 dan 5 kishigacha koʼpaytirish nazarda tutilmoqda.

– Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan 1 kun oldin jamoatchilik fikri soʼrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʼtkazilayotgan saylov bilan bogʼliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, Saylov kodeksida Markaziy saylov komissiyasiga oid quyidagi yangiliklar nazarda tutilgan:

Birinchi yangilik – Markaziy saylov komissiyasi aʼzolariga talablar qoʼyilmoqda (yigirma besh yoshga toʼlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va oʼtkazish borasida ish tajribasiga ega boʼlgan, jamoatchilik oʼrtasida obroʼ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Oʼzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʼlishi mumkin).

Ikkinchi yangilik – Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari maqom boʼyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolariga tenglashtirilyapti. Xulosa oʼrnida aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Saylov kodeksi oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik printsiplarni oʼzida aks ettirib, dolzarb mazmun-mohiyat va ulkan huquqiy, ijtimoiy hamda siyosiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu Kodeksning qabul qilinishi, avvalo, mamlakatimiz saylov tizimida qonun hujjatlari normalari takrorlanishining oldini olish imkonini beradi. Eng muhimi, ushbu Kodeksning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida oʼtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʼor amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi.

Post Comment