Murojaatlar e’tiborda: har bir oilaning muammosi o‘rganilmoqda
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi tomonidan qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati tartibida monitoring o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruq asosida joylarda amalga oshirilayotgan o‘rganishlar nafaqat uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, balki aholining iste’mol sohasiga oid muammolarini aniqlash va ularni hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Federatsiyaning Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi hamda tuman-shahar jamiyatlari tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar jarayonida fuqarolardan turli mazmundagi murojaatlar qabul qilinib, ularni joyida hal etish choralari ham ko‘rilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganishlar davomida kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi kommunal xizmatlar, tibbiyot, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, ichimlik suvi, gaz ta’minoti, dori vositalari, maishiy xizmat va savdo sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, tibbiyot va ijtimoiy ko‘mak, shuningdek kommunal xizmatlar bilan bog‘liq masalalar ko‘pchilik murojaatlarni tashkil etmoqda.
Hududiy jamiyatlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar o‘rganishlar doirasida 50 dan ortiq murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning aksariyati ijobiy hal etilgan yoki tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilgan. Xususan, 12 ta murojaat ijobiy hal qilingan, 5 ta holatda amaliy yordam ko‘rsatilgan, 3 ta oilaga moddiy yordam ajratilgan, bir qator murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda tegishli davlat va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga rasmiy tartibda yuborilgan.
Jumladan, Farg‘ona shahrida fuqaro M.S. tomonidan “Uzum nasiya savdo” onlayn platformasi orqali xarid qilingan avtomobil tenti nuqsonli chiqqanligi yuzasidan murojaat kelib tushgan. O‘rganish jarayonida Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan onlayn platforma mas’ullari bilan muzokaralar o‘tkazilib, fuqaroga sotilgan mahsulot yangisiga almashtirib berildi.
Shuningdek, Bag‘dod tumanida yashovchi bir fuqaro tomonidan xonadonga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi bosimi juda past ekanligi, natijada kundalik ehtiyojlar uchun yetarli suv chiqmayotgani yuzasidan murojaat qilingan. Mazkur holat tegishli kommunal xizmat tashkiloti bilan birgalikda o‘rganilib, texnik nosozliklar bartaraf etildi hamda suv ta’minoti yaxshilandi.
Ayrim holatlarda esa nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus uch g‘ildirakli velosiped olib berish, dori-darmon bilan ta’minlash, massaj xizmatini tashkil qilish, o‘quv partalarini yangilash, bolalar uchun yozgi ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil etish kabi ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham amaliy ishlar olib borilmoqda.
Muhimi, joylardagi o‘rganishlar aholi bilan ochiq muloqot ruhida tashkil etilmoqda. Bu esa fuqarolarning muammolarini eshitish, ularga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Federatsiya tizimidagi hududiy tashkilotlar tomonidan bunday jamoatchilik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilib, aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli davlat organlari va mutasaddi tashkilotlarga takliflar kiritilmoqda.



Post Comment