Konfederatsiya rahbari Farg`onada mehmon bo`lib turibdi

Konfederatsiya rahbari Farg`onada mehmon bo`lib turibdi

Xalqaro isteʼmolchilar jamiyatlari konfederatsiyasi (KonfOP) boshqaruvi raisi Dmitriy Yanin “Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari forumi” doirasida Farg`ona shahriga tashrif buyurdi. Tashrifning birinchi kunida mehmon O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov hamrohligida Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi va tuman (shahar) jamiyatlari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ishtirokchilarga Xalqaro isteʼmolchilar jamiyatlari konfederatsiyasi va uning maqsad hamda vazifalari, shuningdek Konfederatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumotlar berildi.
Mehmonga Federatsiyaning Farg`ona viloyatidagi hududiy organlarida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o`tkazildi. Sohada erishilayotgan yutuqlar, tizim tashkilotlarini qiynab turgan muammolar o`rtaga tashlandi. Bu borada xorij tajribasi yuzasidan maʼlumotlar o`rtoqlashildi.
“Yevropa mamlakatlarini olamizmi, yoki Osiyo mamlakatlarini olamizmi, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi kabi isteʼmolchilarning yirik jamoat birlashmasi yo`q. Bu borada sizlar tomoningizdan yo`lga qo`yilgan tizim o`ziga xosdir”, – dedi Konfederatsiya rahbari uchrashuv davomida. – Lekin shuning bilan birgalikda sohada yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Konfederatsiya ana shu muammolarni hal qilishda Federatsiya va uning hududiy organlariga amaliy va uslubiy yordamlarni ko`rsatishga doim tayyor”.
Shundan so`ng, Konfederatsiya boshqaruvi raisi D.Yanin Federatsiya raisi J.Sarimsoqov va tizim masʼul xodimlari hamrohligida “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi doirasida Farg`ona shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Mehmon tomonidan hududlarda Federatsiya tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchi uyi” loyihalari doirsida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.
Tashrifning birinchi kunida Margʼilon shahridagi “Yodgorlik” fabrikasi va Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan yaqindan tanishuv jarayonlari ham mehmonda katta taassurotlar qoldirdi.

Hududiy birlashma Matbuot xizmati

Post Comment