Qarzdorlikni hisoblashga oid harakatlar qonunga xilof deb topildi
Ishxonada ish qizg`in – barcha xodimlar o`z yo`nalishlari bo`yicha nimalarnidir yozish-chizish bilan ovora.
– Аssalomu alaykum, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga to`g`ri keldimmi? – deya so`raydi yuzida xorg`inlik va tushkunlik aks etib turgan amaki.
– Ha, keling, keling amaki, o`tiring? – deya beixtiyor barchamiz amakiga yuzlandik.
– Yaqinda qo`shnim ishlaydigan maktabda davra suhbati o`tkazgan ekansizlar, qo`shnim sizlarga uchrashsam muammoyim hal bo`lishini aytgandi, – deydi o`zini Nosirjon aka, deya tanishtirgan amaki.
Suhbat asnosida fuqaro N. Haqberdiev tumandagi Qorako`l qishlog`ida yashashini, 2003 yilda vafot etgan onasi M. Haqberdieva nomiga qarzdorlik hisoblanayotganligidan norozi bo`lib, yozma murojaat bilan kelganligini bilib oldik.
Uning arizasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi, Majburiy ijro byurosi tuman bo`limi va jamiyatimiz mutaxassislari ishtirokida O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunlari asosida o`rganib chiqildi.
O`rganishlar natijasida elektr taʼminoti korxonasi (ETK)ning sobiq xodimi 2017 yil 12 yanvarda marhum M. Haqberdieva xonadoniga u yerda hech kim yashamaganligi bois elektr energiyasidan foydalanmayotganligini bilganligi va PK-elektr hisob dasturidan chiqarib tashlash maqsadida borganligi, yonida boshqa dalolatnoma yo`qligi sababli “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi haqida”gi dalolatnoma blankasiga …94 abonent raqamiga hech kimning ishtirokisiz …44-sonli dalolatnoma tuzganligi aniqlandi.
Mazkur dalolatnoma asosida tuman ETKning yetkazilgan zararni aniqlash bo`yicha hisob-kitob komissiyasi tomonidan 1 561 540 (bir million besh yuz oltmish bir ming besh yuz qirq) so`m zarar yetkazilgan, deb topilgan. Shuningdek, tuman ETK PK-elektr hisob dasturidan N. Haqberdievning onasiga tegishli bo`lgan xonadonga biriktirilgan (…94) abonent kartasi olinganida fuqaroga nisbatan …44-dalolatnoma tuzilganligi va qayta hisob-kitob qilinganligi hamda marhuma M. Haqberdievaga nisbatan 2019 yil 25 mart kungi berilgan maʼlumotnomaga asosan jami 1 611 756 (bir million olti yuz o`n bir ming yetti yuz ellik olti) so`m qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan jamiyat tomonidan fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Fuqarolik sudining hal qiluv qaroriga asosan tuman ETK ning 2017 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligi haqida”gi dalolatnomani rasmiylashtirish va shu dalolatnoma asosida qarzdorlik hisoblashga oid harakatlarni qonunga xilof deb topib, elektr taʼminoti korxonasi zimmasiga ushbu dalolatnomaga asosan xisoblangan va marhuma M. Haqberdieva shaxsiy hisob raqamiga kiritilgan 1.561.540 so`m qarzdorlikni chiqarish majburiyati yuklatildi.
Nargizaxon ShERАLIEVА
Uchko`prik tumani IHHQJ matbuot va axborot bo`yicha mutaxassisi
Post Comment