Darz ketgan shiferlarning puli qaytarildi

Darz ketgan shiferlarning puli qaytarildi

Quvasoy shahrida yashovchi А.Kayumov shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, xonadoniga ishlatish uchun sotib olgan “Quvasoy shifer invest” MChJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan shifer mahsulotining sifatidan shikoyat qilgandi.

Murojaat isteʼmolchi xonadonida yuqoridagi korxona masʼul xodimlari ishtirokida o`rganib chiqilishi jarayonida maʼlum bo`lishicha, isteʼmolchi o`tgan yili 8 to`lqinli shifer mahsulotidan 200 donasini (har biri 31 ming so`mdan) jami 6 200 000 (olti million ikki yuz ming) so`mga sotib olgan. Mahsulot ustalar yordamida tomga yopilgandan so`ng, mix qoqilgan joylaridan darz ketish holati yuzaga kelgan. Sanoqlash jarayonida bunday darz ketgan shiferlar 157 ta chiqdi.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 17-moddasida isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilganda u bilan hisob-kitob qilish tartiblari belgilab berilgan. Unga ko`ra, shartnoma bekor qilinayotganda tovar narxi oshgan bo`lsa, isteʼmolchi bilan hisob-kitob tovarning tegishli talab qo`yilgan paytdagi qiymatiga qarab amalga oshiriladi.

Qonun talabidan kelib chiqib, darz ketgan shiferlarning pulini isteʼmolchiga qaytarish uchun hisob-kitob qilishda uning amaldagi narxi, yaʼni donasi 35 500 so`mdan hisoblandi va isteʼmolchiga 5 573 500 (besh million besh yuz yetmish uch ming besh yuz) so`m pul qaytarilishiga erishildi.

 

Shahnoza Valieva

Quvasoy shahar IHHQ jamiyati raisi

Post Comment