Birgalikda yengamiz …

Birgalikda yengamiz …

 

Beshariq tumanida O`IHHQJ Federatsiyasi Farg`ona viloyat hududiy birlashmasining “Jamoatchilik monitoringi (kuzatuv-o`rganishlar) va jamoatchilik fikrini o`rganish ishlarini o`tkazish to`g`risida”gi buyrug`i ijrosini taʼminlash maqsadida respublikamizda koronavirus kasalligi (COVID-19) tarqalishini oldini olish, ushbu vaziyatda aholining isteʼmol sohasida xavfsizligini taʼminlash, aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligini saqlash borasidagi ishlarni jamoatchilik nazorati tartibida o`rganish ishlari olib borildi. O`rganuv-tahliliy ishlar davomida sotuvchi, xizmat ko`rsatuvchi va aholi o`rtasida O`zbekiston Respublikasining «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi Qonuni mazmun-mohiyati keng targ`ib qilindi. Mazkur jarayonga keng jamoatchilik (tumandagi davlat idoralari va jamoat tashkilotlari) vakillarining ham jalb qilinganligi o`rganish ishlarining samaradorligini yanada oshirdi.

O`rganish ishlari tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi masʼullari tomonidan joylarda muntazam ravishda dezinfektsiya ishlari o`tkazilayotganligi, aholiga koronavirus kasalligi xavfi va oqibatlari to`g`risida tizimli tushuntirish va targ`ibot ishlari olib borilayotganligini ko`rsatdi.

Tuman hududida yashovchi fuqarolarning turli yumushlar bilan xorijga chiqib kelganlaridan so`ng karantinga olish, hududning sanitar-epidemilogik osoyishtaligini taʼminlash ishlarini tizimli ravishda tashkillash uchun tuman shtabi hamda soha mutaxassislaridan iborat tarkibdagi sanitariya-epidemiologiya markazi shtablari faoliyat olib bormoqda. Karantin tadbirlarida ishtirok etish uchun vaqtincha ishsiz bo`lgan 132 nafar fuqarolar jamoatchilik ishlariga jalb qilinib, ularga 270 ta avtomaks, 510 dona maxsus kiyim-bosh, 2700 ta himoya niqobi va 1400 dona qo`lqop ajratilgan. Karantin tadbirlari boshlangan paytdan shu kunga qadar zararsizlantirish ishlariga 9 tonnadan ortiq dezinfektsiyalovchi moddalar hududni zararsizlantirish ishlariga sarflangan.

Lekin olib borilayotgan tadbirlarga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan karantin qoidalariga amal qilmaslik, beeʼtibor bo`lish holatlari ham uchrab qolmoqda. Jumladan, shu kunga qadar tumanning 2498 nafar fuqarosi tomonidan jamoat joylarida niqobsiz yurish holatlari qayd qilinib, tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilgan va ulardan 389 937 800 (uch yuz sakson to`qqiz million to`qqiz o`ttiz yetti ming sakkiz yuz) so`m jarima mablag`lari undirilgan.

Tadbirlar doirasida aholiga turli xizmatlar ko`rsatish obʼektlari, shuningdek ish faoliyatini boshlash arafasida turgan maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyatlarini karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda boshlab olishga tayyorgarlik ishlari o`rganilganda, tashkilot va muassasalar tomonidan kirish joylarida tartib asosida dezinfektsiyalash ishlari uchun barcha vositalar yetkazib berilgani, bu boradagi nazorat ishlariga alohida xodimlar ajratilgan bo`lsada, aholi tomonidan joylarda (xususan tijorat banklarida) ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya etilmayotganligi kuzatildi. Tuman markaziy Dehqon bozori hududida olib borilgan o`rganishlar aholining bu boradagi talablarga anchayin beʼetibor bo`layotganligini ko`rsatdi. Bu yerda aksariyat hollarda sotuvchilar va xaridorlar himoya niqoblaridan o`zlarining xavfsizliklarini taʼminlash yoki o`zgalarga kasallik tarqatmaslik maqsadida foydalanish uchun emas, aksincha nazorat olib borayotgan ishchi guruhlar ko`zi uchungina taqayotgani kuzatildi. Dezinfektsion yo`lak o`rnatilgan bo`lsada, hozirgi paytda qurilish ishlari ketayotgan mazkur bozorda uning orqali o`tishga ehtiyoj yo`q. Ijtimoiy masofaga ham sharoitga qarab amal qilinmoqda.

Yo`l qo`yilayotgan kamchiliklarning kelib chiqish sabablari aholi o`rtasida o`tkazilgan ijtimoiy so`rovnoma savollariga berilgan javoblarda ham ko`rinib qolayapti. Xususan, ”Ijtimoiy masofa necha metrni tashkil qilishini bilasizmi?”, degan savolga respondentlarning 30 foizi noto`g`ri javob bergan. Lekin o`tkazilgan ijtimoiy so`rovnomaning umumiy natijalari aholida bu borada yetarli bilim va tushunchalar shakllanganligini ko`rsatdi.

Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarida o`tkazilgan kuzatuvlar jarayonida karantin tartiblari va talablariga to`liq amal qilish birmuncha qoniqarsiz ahvolda ekanligini ko`rsatdi. Ushbu tashkilotlarning rahbar va masʼul xodimlariga o`rnatilgan tartiblarga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan qo`shimcha tushuntirishlar va tavsiyalar berilib, kamchiliklarning aksariyatini mazkur jarayonda bartaraf etildi.

Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni qabul qilishga bir maromda tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan, antiseptik vositalar bilan taʼminlangan, dezinfektsion tunnellar o`rnatilgan, ijtimoiy masofani saqlash bo`yicha belgilar qo`yilgan bo`lsada, ular tana haroratini o`lchovchi kontaktsiz pirometrlar bilan taʼminlanmagan.

Kuzatuv (o`rganish) ishlari natijasida ishchi guruhi, mahallalar faollari va o`rganish ishlariga jalb etilgan boshqa faol fuqarolar tomonidan koronavirus kasalligi tarqalishini oldini olish va jilovlash yuzasidan bir qator takliflar bildirildi. Jumladan:

– bozorlarda tashkil etilgan dezinfektsiya tunnellaridan barcha bozorga keluvchilarning majburiy o`tishi uchun sharoit yaratilishi shart, hozirda bu tunnellarni yonlab o`tish uchun yo`l va yo`laklar nihoyatda ko`p.

– aholi o`rtasida kasallikka chalinish darajasini aniqlash maqsadida analiz-testlar o`tkazishni tezlashtirish;

– to`y va boshqa marosimlarni o`tkazishning yuzaga kelgan sharoitga mos bo`lgan yangi tartib-taomillarini ishlab chiqish;

– kech soat 23-00 dan keyin, zaruriy holatlarni istisno qilgan holda, ko`chada maqsadsiz yurmaslik bo`yicha tushuntirish va targ`ibotni kuchaytirish;

– aholi bilan yaqin muloqotda ishlaydigan tashkilot va muassasalarda ijtimoiy masofani saqlash ishlariga qatʼiy amal qilinishini nazoratga olish;

– kechki vaqtlarda markaziy telekanallar orqali odamlarni o`ziga tortadigan ko`ngilochar ko`rsatuvlar namoyishlarini ko`paytirish (Karantin boshlanish davrida bu ish yaxshigina tashkil etilgan edi, hozir bu biroz susaygandek);

– televideniye orqali kasallikni oldini olish va bu borada aholining tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida berilayotgan tushuntirish, targ`ibot va boshqa korsatuvlarda ushbu holatda fuqarolarni qo`rqitish, jazolash tomonlariga emas, balki kasallik alomatlari sezilganda fuqarolar tomonidan mutaxassislarga murojaat etishda shaxsiy tashabbusning o`rni va ahamiyatiga, bunday fuqarolarni maʼnaviy rag`batlantirish tomonlariga eʼtibor qaratish;

– aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ularni turli firibgarlarga aldanib qolishini oldini olish maqsadida Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan kasallikni kelib chiqish sabablari, uni davolash va butunlay bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, rivojlangan davlatlar, shuningdek tibbiyot sohasi keng rivojlangan davlatlar olimlari tomonidan yaratilgan yoki yaratilayotgan dori-darmonlar, vaktsinalar to`g`risida aholini xabardor qilib borish bo`yicha ishlarni izchil davom ettirish.

 

Xamidjon Аxmedov

Beshariq tumani IHHQ jamiyati raisi

Post Comment