Shartnoma bekor qilindi

Shartnoma bekor qilindi

Rishton tumanilik А. Ismoilov tumandagi “Dom kredit” MChJ ga qarashli savdo do`konidan o`zi uchun maʼqul bo`lgan velosiped tanlaydi va isteʼmol krediti asosida, 1 800 000 (bir million sakkiz yuz ming) so`mga, boshlang`ich to`lovisiz, pulini 3 oy davomida bo`lib-bo`lib to`lash yo`li bilan xarid qiladi.

Lekin oradan ikki kun o`tar-o`tmas velosipedning harakat uzatma qismida nuqson borligi maʼlum bo`ladi. U o`zining isteʼmolchilik huquqidan foydalangan holda, savdo do`koni masʼullari oldiga, nuqsonli tovarni bepul taʼmirlab berilishi to`g`risida talab qo`yadi. Lekin do`kon sotuvchilari uning ushbu qonuniy talabini bajarishdan bo`yin tovlaydilar. Shundan so`ng, isteʼmolchi tuman isteʼmolchilar uhquqlarini himoya qilish jamiyatiga mazkur masalada murojaat qiladi.

Аmaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 13-moddasiga ko`ra, agar isteʼmolchiga sotilgan tovarda nuqsonlar aniqlansa, u sotuvchi oldiga tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish talabini qo`yishi mumkinligi, qonunning 15-moddasiga ko`ra esa, sotuvchi tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni isteʼmolchi tegishli talab qo`ygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida bepul bartaraf etishi lozimligi belgilab qo`yilgan. Аgar sotuvchi isteʼmolchining nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo`lsa, isteʼmolchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va maʼnaviy zararni qoplanishini talab qilishga haqlidir (qonunning 16-moddasi).

Murojaatni o`rganish davomida sotuvchiga amaldagi qonun talablari tushuntirildi. Bundan to`g`ri xulosa chiqargan do`kon masʼullari va isteʼmolchi o`rtasidagi kelishuvga asosan 2020 yilning 20 iyun kunidagi isteʼmol kreditiga velosiped sotib olish to`g`risidagi ikki tomonlama shartnoma bekor qilindi.

Xusniddin Latipov

Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment