Razmeri mos kelmagan kiyimning puli qaytarildi
O‘zbekiston tumani Qudash mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi iste’molchi X.Z. dan kelib tushgan murojaatda aytilishicha, u Qo‘qon buyum bozorida joylashgan do‘konlarning biridan o‘zi uchun ayollar xalatini 90 ming so‘mga sotib olgan. Lekin uyga kelib kiyib ko‘rganida razmeri unga biroz mos kelmagan. Oldi-sotdi jarayonida sotuvchi “Mos kelmasa almashtirib beraveramiz”, degani sababli xalatni do‘konga almashtirish uchun qaytarib kelgan. Sotuvchi undan tovarni olib qolgan bo‘lsada, almashtirib berish ishlari ortga surib kelingan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga asosan shartnomaga ko‘ra sotuvchi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyati oladi.
Qonunning 18-moddasiga asosan esa, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Iste’molchi murojaatini O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tamonidan o‘rganish ishlari davomida sotuvchiga qonunning ana shu talablari tushuntirildi. Tushuntirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan sotuvchi iste’molchiga tovar uchun to‘langan pulni to‘lig‘icha qaytarib berdi.
Isomiddin Abbosov
O‘zbekiston tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment