Tovarda nuqson chiqavergach uni almashtirish bo‘yicha talab kiritilgan
Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchi S.Qurbonovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Veb-saytiga qilgan elektron shakldagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bayon qilinishicha, iste’molchi “Grand” kredit do‘konidan Artel markasidagi idish yuvadigan mashina (“Domashnyaya posudomoyka”) sotib olganligi, lekin mashinaning suv isitish funksiyasini bajarib beruvchi mexanizmi tez-tez ishdan chiqib qolayotganligi, kompaniyaning servis xizmati mutaxassislari ushbu nuqsonni bartaraf etib berganlaridan so‘ng, ma’lum vaqt o‘tgach, yana shu nuqson kelib chiqayotganligini bildirib, mahsulotni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida yoki puli qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, “Domashnyaya posudomoyka” idish yuvish mashinasi, iste’mol krediti shartlarida, 5 520 000 (besh million besh yuz yigirma ming) so‘mga, pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan. Mashinada haqiqatan ham iste’molchi tomonidan bildirilgan nuqson mavjud. Kafolat muddati doirasida bepul servis xizmati ko‘rsatilgan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Holatga aniqlik kiritish va bu borada iste’molchi huquq va manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash maqsadida kompaniya vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida iste’molchining qonuniy talablarini ro‘yobga chiqarilishiga, ya’ni nuqsonli tovarni ayni shunday markali maqbul sifatdagi tovarga almashtirilishiga erishildi.
– Men idish yuvadigan mashinani sotib olganimdan keyin, u bir necha marotaba buzildi. Servis xizmatiga aytganimda kelib tuzatib ketishdi, lekin yana ma’lum vaqt o‘tib shu nuqson chiqaverdi. Oxiri mahsulotni almashtirish yoki pulini qaytarish masalasida yordam so‘rab veb-saytga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Shunday so‘ng Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari menga amaliy yordam ko‘rsatishdi. Jamiyat xodimlaridan xursandman, minnatdorchilik bildiraman, – deydi iste’molchi murojaatini o‘rganish natijalari bo‘yicha tuman jamiyati raisi nomiga bergan minnatdorchilik xatida.
Bobobek Saidov
Qo‘shtepa tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment