“Ikkinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari forumi” Buxoroda o‘tkaziladi
Bugun, Xalqaro iste’molchilar Konfederatsiyasi raisi Dmitriy Yanin va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov telefon orqali muloqot qildi.
Muloqot chog‘ida tashkilot rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
2020 yilning 15 – 18 yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilar forumi doirasida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar belgilab olindi.
Asosiy maqsadi iste’molchilar muammosining eng dolzarb masalalari bo‘yicha birgalikda qarorlar qabul qilish, ularni bartaraf etib, iste’molchilar huquqlarini har tomonlama himoya qilish borasida yangidan-yangi qonunlar ishlab chiqish, o‘zaro tajriba almashish, sohada yuz berayotgan kamchiliklarni atroflicha ko‘rib chiqib, qator muhim tashabbuslarni ilgari surishdan iborat bo‘lgan mazkur Forumni har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklifi ham kiritilib, ishtirokchilar tomonidan ma’qullangan edi.
Muloqot davomida, “Ikkinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari forumi”ni 2022 yilda Buxoro shahrida o‘tkazishga doir takliflar ilgari surildi.
Federatsiya Matbuot xizmati
Post Comment