Nuqsonli tovar bepul ta’mirlatildi

Nuqsonli tovar bepul ta’mirlatildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 “Ishonch” telefoniga Toshloq tuman Chek mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh. Davlatovdan murojaat kelib tushdi. Murojaatda kredit savdo do‘koni mas’ullari tomonidan tovarda kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etish choralarini ko‘rish ishlari paysalga solib kelinayotganligi ma’lum qilingan.

Murojaat egasiga ko‘ra, u tumandagi “ASR MARKET” kredit savdo do‘konidan ROISON rusumli gaz plitasini sotib olgan. Ammo gaz plitasi kafolat muddati davrida nosoz holatga kelib qolgan. Bu haqida iste’molchi Sh. Davlatov savdo markazi xodimlariga bir necha marotaba xabar berib, gaz plitasini servis xizmati orqali ta’mirlatib berishlarini so‘rashiga qaramay uzoq vaqt mobaynida uning talabi qondirilmay kelgan.

Murojaat tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan “ASR MARKET” kredit savdo do‘koni mutasadilari bilan hamkorlikda o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 11,13, 15-moddalari talablari hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari doirasida atroflicha o‘rganilib chiqildi. O‘rganuv esa iste’molchi Sh.Davlatov tomonidan bildirilgan vajlarning asosli ekanligini ko‘rsatdi.

Toshloq tuman jamiyati mutaxassislarining olib borgan say’-harakatlari bilan murojaatchining talabi qondirilib, nosoz texnika ta’mirlatib berildi. Savdo markazi xodimlariga esa amaldagi qonunlar va ularning talablari targ‘iboti o‘tkazildi.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Illyustrativ foto (foto creditasia.uz)

Post Comment