Nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirildi

Nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shaharda istiqomat qiluvchi M. ismli fuqaroning sotib olingan kir yuvish mashinasidan foydalanish jarayonida yuzaga chiqqan nuqsonlar tufayli ishlamay qolganligi to‘g‘risida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatga ko‘ra, fuqaro ro‘zg‘orida foydalanish uchun «Avangard» rusumli kir yuvish mashinasini sotib oladi. Lekin kafolat muddati ichida mashinaning motor hamda nasos qismida nosozlik kuzatiladi va buning natijasida ishlamay qoladi. Murojaat egasi tovar kafolat muddati ichida buzilganligi sababli, mazkur masalada servis xizmatiga murojaat qilgan. Lekin servis korxonasi xodimlari tomonidan ushbu nuqsonni bartaraf etilishi bo‘yicha ikki oy ichida iste’molchiga bir necha marotaba xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsada, kir yuvish mashinasi to‘liq soz holatga kelmagan. Shundan so‘ng iste’molchi mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab, Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Murojaatni Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida, ular servis korxonasi mas’ullari bilan uchrashib, ularga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, iste’molchiga sotilgan nuqsonli «Avangard» kir yuvish mashinasi yangisiga almashtirib berildi. Iste’molchining murojaati ijobiy hal etilishi va uning qo‘lidagi nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi natijasida, iste’molchi foydasiga 1 421 280 (bir million to‘rt yuz yigirma bir ming ikki yuz sakson) so‘m naf keltirildi.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment