Iste’molchiga qonuniy huquqidan foydalanishida yordam ko‘rsatildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi A.Mumbaevning avtomobili uchun sotib olingan old oyna (“lobovoy”) nuqsonlar kelib chiqqanligi borasidagi murojaati o‘rganildi.
Shahardagi o‘rta maxsus ta’lim maskanlaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi A.Mumbaevning bildirishicha, avtomashinasining old oynasi sinib qolgach, Farg‘ona markaziy stadioni oldidagi “Avtooyna mahsulotlari” savdo do‘konidan 700 ming so‘mga yangi oyna xarid qiladi. Lekin avtomashinaga o‘rnatib berilgan oynada bir muncha vaqt o‘tib yoriqlar yuzaga keladi. O‘z-o‘zidan kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonlarni bepul bartaraf qilinishini so‘rab sotuvchiga murojaat qiladi. Sotuvchi esa yuzaga kelgan yoriqlarni uni o‘rnatgan ustaga to‘nkab, nuqsonli mahsulotni almashtirib berishdan bosh tortadi. Shundan so‘ng u Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga yozma ravishda murojaat qiladi.
Jamiyat xodimlarining “Avtooyna” ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari hamkorligida olib borgan o‘rganishlari natijasi bilan tovardagi nuqsonlar unga berilgan kafolat muddati ichida yuzaga kelganligi, iste’molchining amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 13-moddasidan kelib chiqib, nuqsonni bepul bartaraf etilishi to‘g‘risidagi talabi qonuniyligi isbotini topib, qonunning 14-moddasi tartibida nuqsonli tovar boshqa maqbul sifatdagisiga bepul almashtirib berilishiga erishildi.
Azamatjon Babayev
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment