Isitish tizimi qozoni yangisiga almashtirildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shaharning Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro R.U.ning kredit shartlarida sotib olgan yangi xonadondagi isitish tizimida nosozlik yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Fuqaroga ko‘ra, ular tomonidan kredit shartlarida xarid qilingan yangi xonadonda yashash va xonadondagi isitish tizimidan foydalanish jarayonida tizimni issiqlik bilan ta’minlaydigan isitish qozoni buzilib qolgan. Fuqaro ushbu muammo bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilish firmasi rahbari va isitish qozoniga kafolat bergan ishlab chiqaruvchining vakili (servis markazi xodimlari)ga murojaat qilgan. Lekin ular tomonidan fuqaroning qonuniy talablarini o‘rganib chiqilib, hal qilish masalasi cho‘zib yuborilgan. Shundan so‘ng u ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab, Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchi uzoq muddat foydalaniladigan tovarda kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonni bepul bartaraf etilishini, nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishini talab qilish va boshqa shu kabi huquqlarga egadir.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida shahar jamiyati mutaxassislari qurilish firmasi rahbari hamda servis xizmatini ko‘rsatuvchi mas’ullar bilan uchrashish asnosida amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi ortidan, iste’molchi xonadonidagi 6 mln 780 ming so‘mlik isitish tizimi qozoni yangisiga almashtirib berildi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ rasm)
Post Comment