Mobil qurilmadagi nuqson bepul bartaraf etib berildi
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Soyguzar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi iste’molchi X.I.ning xarid qilingan mobil qurilmada bir necha bor nosozlik yuzaga kelganligi, lekin sotuvchi tomonidan uning qonuniy talablarini bajarish ishlari paysalga solinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u tuman markazida joylashgan “GARAND” savdo markazidan Samsung M32 (4/64 GB) rusumli uyali aloqa vositasini o‘tgan yilning 24 oktyabr kuni tovar qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida, 1 656 200 so‘mga xarid qilgan. Joriy yilning iyun oyiga kelib mobil qurilmada nosozlik kuzatiladi. Iste’molchi ushbu masalada savdo markaziga bir necha bor murojaat qilsada muammosini to‘liq hal qilib berish ishlari paysalga solib kelingach, tuman jamiyatiga ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish davomida muammoning kelib chiqishiga iste’molchi mobil qurilmasidagi IMEI kodi bilan bog‘liq masala sabab bo‘lganligi, savdo markazi xodimlari ushbu masalani bir hafta muddatda bartaraf etishni va’da qilganliklari, lekin va’da qilingan muddat o‘tguniga qadar ham muammo bartaraf etib berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Tuman jamiyati mutaxassislari o‘rganish ishlari doirasida sotuvchi tashkilot mas’ullariga yuzaga kelgan holatda amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va ularga amal qilmaslik keltirib chiqaruvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar. Natijada mobil qurilmada yuzaga kelgan nuqson o‘rganish vaqtining o‘zida bepul bartaraf etib berilib, iste’molchining haq-huquqlari tiklanishiga erishildi. Murojaatni o‘rganish ishlaridan qoniqish hosil qilgan iste’molchi tuman jamiyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Feruza Umurzaqova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment