Changyutgich deb sotilgan tovar sotuvchiga qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Tarona ko‘chasida yashovchi Sh.E.ning onlayn ilova vositasida sotib olingan mahsulot sotuvchiga qaytarilgani, pulini unga qaytarish ishlari esa paysalga solinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatchiga ko‘ra, u telegramdagi «Uzum market» ilovasida 900 000 so‘mga changyutgich sotilayotganligi to‘g‘risidagi reklamani ko‘rib, undan bittasiga buyurtma beradi. Tovari yetib kelganligi to‘g‘risida xabar berilgach, u mazkur ilova vositasida buyurtma berilgan tovarlarni tarqatuvchi shoxobchaga kelib qabul qilib olgan. Lekin u yerdagilar negadir iste’molchiga korobkani joyida ochib ko‘rib, buyurtma qilingan tovarni sifatini va butligini tekshirib olishga imkon bermasdan, «Uyingizda ochib ko‘rasiz» degan javobni berganlar. Uyga kelib ochilgan korobkadan esa tovardan foydalanishning Xitoy tilida yozilgan qo‘llanmasi chiqqan. Shunday bo‘lsada iste’molchi internet tarjimon dasturlari vositasida tovarni terib ishlatib ko‘radi. Ishlatib ko‘rish jarayonida uning o‘z vazifasini bajarishi reklama qilingan darajada emasligi ma’lum bo‘ladi. Bundan ajablangan iste’molchi bir soat ichida tovarni do‘konga qaytarib olib keladi va pulini qaytarishlarini talab qiladi. Sotuvchi vakillari esa tovarni olib qolib, pulini tez kunlarda qaytarishni va’da qilishadi.
Yuqoridagi holat amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi bo‘yicha tovar haqida noto‘g‘ri ma’lumot berish sifatida baholanadi. Unga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Shuning bilan birgalikda, qonunning 8-moddasiga ko‘ra, tovarni iste’molchi qo‘liga topshirayotgan shoxobchadagilar unga tovarni shu joyni o‘zida ochib ko‘rib, sifati va butligini tekshirib olish imkoniyatini yaratib berishlari shart edi.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida qonunchilik talablarini va mazkur talablarni bajarmaslik keltirib chiqaruvchi huquqiy oqibatlarni sotuvchiga tushuntirish yo‘li bilan iste’molchiga 900 000 so‘m puli to‘liq qaytarilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment