Fuqaroning vaqtincha foydalanishga ajratilgan yer maydoni bilan bog‘liq muammosi hal etildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Yuqoriqishloq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A.S.ning shartnoma bo‘yicha o‘ziga vaqtincha foydalanishga berilishi lozim bo‘lgan yer maydonidan foydalanishidagi muammolar xususidagi murojaati o‘rganildi.
Fuqaro murojaatida Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi bilan 31.03.2023 yilda 0,28 gektar (28 sotix) yerdan vaqtincha foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzganligi, tegishli to‘lovlarni amalga oshirganligi, lekin hozirda ushbu yer maydonining 0,12 gektaridan foydalanayotganligi, qolgan 0,16 gektar yer maydoni boshqa shaxs tomonidan foydalanib kelinayotganligini yozib, shartnoma bo‘yicha o‘ziga tegishli yer maydonini unga olib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda, haqiqatan ham, fuqaro hamda boshqarma o‘rtasida yuqorida ko‘rsatilgan sanada «Er uchastkasida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish» yo‘nalishida shartnoma imzolanganligi va shartnomaga asosan fuqaroga 0,28 gektar yer maydoni berilganligi, shartnoma ijrosini ta’minlanishi uchun tomonlarning huquq va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilganligi, fuqaro shartnoma asosidagi to‘lov summasini ham to‘laganligi qayd qilindi. O‘rganish ishlari doirasida to‘plangan hujjatlarga va mavjud shartnomaga asoslanib hamda fuqaroning murojaati «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun asosida o‘rganilayotganligi ta’kidlangan holda, boshqarma rahbari nomiga xat kiritildi.
O‘rganish ishlari yakunlari bilan esa, shartnoma munosabatlari asosida fuqaroga vaqtincha foydalanishga berilishi lozim bo‘lgan qolgan 0,16 gektar yer maydonini shartnomada mahsulotlarni «Etishtiruvchi» tomon deb ko‘rsatilgan fuqaro A.S.ga ajratib berilishiga erishildi.
Shohistaxon Raximova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment